Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘ka tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan rejadan ortiq yetishtirilgan g‘alla hosilining olib qo'yilayotgani yuzasidan tarqalgan videomurojaat bo‘yicha Bo‘ka tumani hokimligining rasmiy munosabati
2026-07-01 15:05:00 / Rasmiy munosabatlar

O‘rganish doirasida fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomalar, g‘alla yetishtirish va davlat xaridi bilan bog‘liq hujjatlar, hosil hajmi, donni qabul qilish jarayoni, mazkur jarayonda ishtirok etgan tashkilotlarning vakolatlari doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda amaldagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilgani har tomonlama, xolis va batafsil o‘rganiladi.
Shuningdek, fermer xo‘jaligining huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha holatlar, qabul qilingan qarorlarning amaldagi qonunchilikka muvofiqligi ham tahlil qilinadi.
Bo‘ka tumani hokimligi fermer xo‘jaliklarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda qishloq xo‘jaligi sohasida qonun ustuvorligini ta'minlashni ustuvor vazifalardan biri deb biladi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha qonunchilik talablarining buzilishi alomatlari aniqlangan taqdirda, to‘plangan materiallar belgilangan tartibda huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.
Agar videomurojaatda bayon etilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmasa, bu haqda ham jamoatchilikka ochiq va xolis axborot beriladi.
Bo‘ka tumani hokimligi o‘rganish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma'lumotni ommaviy axborot vositalari hamda rasmiy axborot resurslari orqali jamoatchilik e'tiboriga yetkazadi.
