BO‘KA TUMANI — INVESTITSIYALAR VA EKSPORT IMKONIYATLARI HUDUDI
2026-06-02 05:25:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda tumanda eksport geografiyasi kengayib, Afg‘oniston va Janubiy Koreya kabi istiqbolli bozorlarga mahsulot yetkazib berish yo‘lga qo‘yilmoqda. Eksport hajmining yuqori o‘sish sur’ati hudud korxonalarining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, Bo‘ka tumani yirik investitsion loyihalar markaziga aylanmoqda. Xitoyning “Datang” kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 1,51 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasining ikkinchi bosqichi amalga oshirilayotgani hududning “yashil energetika” salohiyatini yanada mustahkamlamoqda.
Tumanda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda yangi loyihalarni ishga tushirish uchun yer maydonlari va infratuzilma imkoniyatlari kengaytirilgan. Elektron onlayn auksionlar orqali tadbirkorlarga ajratilgan yer maydonlarida zamonaviy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bo‘ka tumani qulay geografik joylashuvi, mehnat resurslari, quyosh energetikasi salohiyati va eksport imkoniyatlari bilan xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor hududlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
