Bo‘ka dalalarida g'alla mavsumi boshlandi
2026-06-04 18:30:00 / Yangiliklar
Bo‘ka tumanida 2026-yil hosili uchun yetishtirilgan g‘allani yig‘ib-terib olish ishlari boshlandi. Shu munosabat bilan o‘rim-yig‘im mavsumini namunali tashkil etish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda hosilni talafotlarsiz yig‘ib olish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbir davomida kombaynlar va tashish texnikalarining texnik holati, o‘rim otryadlarining mavsumga tayyorgarligi, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishi ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilar tomonidan mavsumni qisqa muddatlarda va sifatli yakunlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Joriy yilda tumanda 15 ming gektar maydonda yetishtirilgan g‘alla hosilini yig‘ib olish uchun 39 ta o‘rim kombayni, 180 ta transport vositasi jalb etilgan. Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida 39 ta maxsus otryad shakllantirilgan.
Bo‘kalik mirishkorlarning fidokorona mehnati tufayli bu yil ham xirmonlar barakaga to‘lishi kutilmoqda.








