Bo‘ka tumanidagi maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi
2026-05-25 12:00:00 / Yangiliklar
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Bo‘ka tumanidagi 55 ta umumta’lim maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Bo‘ka tumani hokimi S.Isakulov 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etib, bitiruvchilarni mustaqil hayot sari qo‘yilayotgan muhim qadamlari bilan samimiy tabrikladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tabrigini tantanali ravishda o‘qib eshittirdi.
Tadbir davomida namunali xulqi, yuqori bilim ko‘rsatkichlari hamda erishgan yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli o‘quvchilar munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan bitiruvchilarga tashakkurnomalar topshirildi.
Tuman hokimi bitiruvchilarga kelgusidagi o‘qish va faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar, omad va zafarlar tiladi.
Ma’lumot uchun, 2025–2026 o‘quv yilida Bo‘ka tumanidagi 55 ta umumta’lim maktabini jami 1539 nafar 11-sinf o‘quvchisi tamomlamoqda. Ularning 11 nafari oltin, 3 nafari esa kumush medal bilan taqdirlanadi.









