Boʻka tumani — “Navobod” mahallasi zamonaviy qiyofada
2026-02-18 16:25:00 / Yangiliklar

Mahalla idorasi va zamonaviy mahalla markazi yangilandi, “Nuroniylar maskani” hamda savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tartibga keltirildi. Yangi kutubxona va ma’naviyat zali foydalanishga topshirildi. Tibbiyot punkti zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati kengaydi. Yoshlar uchun sport maydonchalari va yopiq mini-futbol maydoni barpo etildi. Hududda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar o‘z samarasini berib, kambag‘allik darajasi qisqardi, ishsizlik holatlari bartaraf etildi.
Ma’lumot o‘rnida: mahallada 658 ta xonadonda 1 119 ta oila, jami 3 646 nafar aholi istiqomat qiladi. 15 km ichimlik suvi tarmog‘i mavjud, 1,7 km markaziy ko‘cha asfaltlashtirildi, 97 ta yog‘och elektr ustuni yangilandi, 3,1 km SIP kabel tortildi, 30 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi hamda 1 ta yangi transformator ishga tushirildi. Ushbu ishlar uchun jami 5 mlrd 317 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Tantanali ochilish marosimi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Unda respublika va viloyat darajasidagi rahbarlar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasi mahalla hayotida yaqqol sezilmoqda.









