“Qo‘ldoshtepa” mahallasi tubdan yangilandi
2026-02-18 17:45:00 / Yangiliklar

Hududda zamonaviy mahalla markazi, “Nuroniylar maskani”, kutubxona hamda kasb-hunar o‘quv markazi barpo etildi. Tibbiyot punkti to‘liq ta’mirlanib, 2 ta oilaviy bog‘cha tashkil qilindi. Ichki infratuzilma to‘liq yangilanib, ko‘chalar asfaltlandi va shag‘allashtirildi, piyodalar yo‘laklari qurildi, ko‘prik ta’mirlandi, sport va bolalar maydonchalari barpo etildi. Elektr, gaz va suv tarmoqlari tartibga keltirildi, hudud keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirildi.
Bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida ham tizimli ishlar olib borildi. Natijada kambag‘allik va ishsizlik darajasi kamaydi.
Ma’lumot uchun: ushbu mahallada 731 ta xonadondagi 903 ta oilada 3 390 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla bo'ylab 14 km ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 3,2 km markaziy ko‘cha asfaltlandi, 2,5 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. 390 ta eski yog'och ustunlar beton tayanchlarga almashtirildi, 9 km SIP kabel tortildi, 40 ta tungi yoritish chirog‘i o‘rnatildi, 12 km gaz tarmoqlari ta’mirlandi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘.Mirzayev, maslahatchi o‘rinbosari P.Bobojonov, Prezident administratsiyasi va Respublika ishchi guruhi vakillari, Toshkent viloyati prokurori A.Mirzayev, IIBB boshlig‘i A.Abdurazzoqov, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O.Tursunov, Boʻka tumani hokimi S.Isakulov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.









