Bo‘kaning zamonaviy qiyofasi: istiqbolli loyihalar ijrosi joyida o‘rganildi
2026-02-11 14:45:00 / Yangiliklar

Belgilangan nuqtalarda kompleks rivojlantirish, sanoat zonasini tashkil etish, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, xizmat ko‘rsatish va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar yuzasidan mas’ullar tomonidan axborot berildi, takliflar tinglandi.
Rejaga ko‘ra tumanda 11 ta yirik loyiha amalga oshirilib, 1 011 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etiladi, 2 210 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mazkur ishlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan davlat byudjeti hisobidan 100 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Joylardagi o‘rganishlar davomida viloyat hokimining o‘rinbosarlari O.Tursunov, Sh.Mahmudov, tuman hokimi S.Isakulov, tuman prokurori B.Yuldashev, IIB boshlig‘i A.G‘ulomov, Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Sh.Xazratov hamda tegishli idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Hududlarni aylanib chiqish jarayonida loyihalarni amalga oshirish muddatlari, moliyalashtirish manbalari va mas’ul ijrochilar belgilab olindi. Kamchiliklarni bartaraf etish, ishlarni jadallashtirish hamda har bir tashabbusni natijaga yo‘naltirish bo‘yicha aniq vazifalar yuzasidan topshiriqlar berildi.






