“Yoshlar kuni” — yoshlar salohiyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning amaliy ifodasi
2026-06-11 09:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda Bag‘dod tumani prokurori Akmaljon Muhtarov, tuman IIB boshlig‘i Faxriddin Hayitov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladilar.
📶Qayd etilganidek, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni ma’naviy va intellektual jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Shu ma’noda, mahallada tashkil etilgan mazkur ziyo maskani yoshlarning bilim va tafakkurini boyitishga xizmat qiladi.
📶FarDUning 2-bosqich talabasi, tashabbuskor Nigoraxon Abdullajonovaga ko‘ra, kutubxona faoliyati doirasida Book Cafe hamda ingliz tili to‘garaklari ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida “Mahalla kutubxonasi”ning ramziy lentasi qirqildi. Yoshlar ishlari tuman bo‘limi rahbari O‘tkirbek Boltaboyev tomonidan kutubxona fondiga 50 dona yangi nashr etilgan badiiy adabiyotlar taqdim etildi. Mahalla nuroniylari va faollari ham ushbu ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, yoshlarning ma’naviy kamoloti yo‘lida bunday loyihalarning ahamiyati yuqori ekanini qayd etdilar.
🇺🇿 Shu kuni kurash bo‘yicha Osiyo chempioni Ulug‘bek Bahodirjonov ham munosib taqdirlandi. Mas’ullar tomonidan mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirish, yosh avlodni jismonan sog‘lom va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi. Xususan, mazkur hududdagi 22-umumta’lim maktabida kurash bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga kelgusida yanada yuksak natijalarga erishishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgani alohida qayd etildi.
✨Tadbir yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va iqtidorini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Bag'dod tumani hokimligi
Axborot xizmati ✅









