“Burch, jasorat, matonat!”
2026-05-08 09:30:00 / Yangiliklar

“Burch, jasorat, matonat!”
Bugun Bag‘dod tumanida 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan ko‘tarinki ruhdagi tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida milliy bayrog‘imiz ranglari aks etgan sharaf lentalari taqilgan holda tuman rahbarlari, “Veteran” birlashmasi a’zolari hamda Afg‘onistonda harbiy xizmatni o‘tagan faxriy jangchilar maxsus avtokarvon bilan “Paxtaobod” mahallasi tomon yo‘l olishdi.
“Xotira maydoni”da yuzlab faollar jam bo‘ldi. Vatanparvarlik marshlari barcha qalblarni junbushga keltirdi. Shundan so‘ng Bag‘dod tumani hokimi Maqsadjon Isaqov tuman korxona va tashkilotlari vakillari bilan birgalikda Vatan himoyachisi timsoli aks etgan jangchi monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Tadbirda tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi, soliq inspeksiyasi hamda boshqa tashkilotlar jamoalari faol ishtirok etdi.
Bayram tadbirida tuman hokimi yig‘ilganlarni qutlar ekan, ular orqali barcha oila a’zolariga samimiy tilaklarini yo‘lladi. Shuningdek, yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, tinch va osoyishta hayotimizni ta’minlash yo‘lida Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan odilona siyosatga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bu yilgi “Burch, jasorat, matonat!” bosh g‘oyasi asosidagi tadbirda Madaniyat bo‘limi tomonidan sahnalashtirilgan kompozitsiya namoyish etildi. O‘tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirilib, Qur’on tilovat qilindi hamda Vatan himoyasi yo‘lida mardonavor kurashib halok bo‘lgan ajdodlarimiz haqqiga duo qilindi.
Shu kuni Bag‘dod tumani hokimi, tuman prokurori, tuman IIB boshlig‘i va tuman Mudofaa bo‘limi boshlig‘i birgalikda front ortida xizmat qilgan, bugun esa keksalik gashtini surayotgan nuroniy faxriylar holidan xabar olishdi.
Ular orasida Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlarida shartnoma asosida xizmatni maxsus batalyonda davom ettirayotgan paytda bosqinchi jangarilarning qurolli hujumlariga qarshi jasorat bilan kurashgan mard o‘g‘lon Ilyosjon Yigitaliev ham bor.
Tuman faollari sovg‘alar topshirar ekan, Ilyosjonning 2000-yil avgust oyida Vatan tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati bugungi bag‘dodlik yoshlar uchun ham ibrat ekanini ta’kidlashdi. Uning oila a’zolari bayram bilan samimiy qutlandi.
Xonadonda xursandchilik kayfiyati hukm surib, kuy-qo‘shiqlar yangradi. Qishloqdagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan adabiy-badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Ikkinchi jahon urushiga Bag‘dod tumanidan 7 ming nafarga yaqin yigit safarbar etilgan bo‘lib, ularning 4 ming nafardan ziyodi o‘z oilasi bag‘riga qaytgan. 300 nafarga yaqin bag‘dodlik askarlar esa jang maydonlarida bedarak yo‘qolgan.









