Oliy ta’lim sari muhim qadam: targ‘ibot tadbirining ahamiyati
2026-05-02 10:50:00 / Yangiliklar

Oliy ta’lim sari muhim qadam: targ‘ibot tadbirining ahamiyati
🇺🇿 Bag‘dod tumanidagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga keng jalb etish maqsadida oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Mazkur uchrashuv tuman hokimligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.
📶Uchrashuv davomida oliy ta’lim muassasalari vakillari tomonidan ta’lim yo‘nalishlari, qabul jarayonlari, grant va kontrakt asosidagi o‘qish imkoniyatlari, shuningdek, zamonaviy kasblar va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Bu esa bitiruvchilarga o‘z kelajagini ongli ravishda rejalashtirish, maqsad sari aniq qadamlar tashlashda muhim yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qildi.
📶Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bitiruvchi yoshlarni kasb tanlashda to‘g‘ri yo‘naltirish, ularning oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mavjud imkoniyatlar va yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berishdan iboratdir. Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, yoshlarning bilim olishga intilishini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
✨Umuman olganda, Bag‘dod tumanida tashkil etilgan mazkur targ‘ibot tadbiri yoshlarning ta’limga bo‘lgan intilishlarini yanada kuchaytirish, ularni kelajakda raqobatbardosh mutaxassislar etib voyaga yetkazish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.








