Zamonaviy bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari foydalanishga topshirildi
2026-04-02 20:05:00 / Yangiliklar

Bektemir tumani “Oltintopgan” mahallasi aholisi uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega yana bir loyiha amalga oshirildi. Mahalla markazida zamonaviy bolalar o‘yingohi hamda “Olimpiya umidlari” sport maydonchalari tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida tuman rahbariyati, mahalla ahli, faollar va nuroniylar ishtirok etdi. Tadbir davomida mazkur majmuaning hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Yangi majmua bolalar o‘yingohi, futbol va basketbol maydonchalari, sport bilan shug‘ullanish uchun vorkaut zonasi, aholi dam olishi uchun o‘rindiqlar, piyodalar yo‘laklari hamda yugurish yo‘laklarini o‘z ichiga oladi. Mazkur infratuzilma mahalla aholisiga qulay va zamonaviy sharoitlar yaratadi.
Tadbir davomida kuy-qo‘shiqlar yangrab, bayramona muhit hukm surdi. Ochilish marosimidan so‘ng mahalla ahli hamjihatlikda osh va sumalak tayyorlab, ushbu quvonchli voqeani keng nishonladilar.
Mazkur loyiha hududda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish hamda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.









