Bekobod shahri: imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish — bugunning muhim talabi
2026-10-28 18:30:00 / Yangiliklar

Viloyat va shahar tashkilotlari rahbarlari, faollar, mahalla yettiligi ishtirokida o‘tgan muloqotda 2026 yilning 9 oyi va yil yakuni bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi, 2027 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, hududda iqtisodiy o‘sishni taʼminlash, aholi bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiyalarni jalb etish va eksport hajmini ko‘paytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu yo‘nalishlardagi mavjud muammolarni aniqlash, ularning yechimini topish hamda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan viloyat darajasidagi masʼul rahbarlar mahallalarga biriktirildi.
Bekobod shahrida jami 107 ming 600 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, xonadonlar soni 26 mingdan ortiq. Shaharda 33 ta mahalla mavjud.
2026 yil yanvar–sentyabr oylari yakunlariga ko‘ra, ishsizlik darajasi 4,2 foizni (1 873 nafar), kambag‘allik darajasi esa 3,6 foizni (999 ta oila, 3 880 nafar aholi) tashkil etgan. Shuningdek, shaharda 149 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, ularning 33 tasi yoshlar, 8 tasi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Davlat idoralariga jami 2 380 ta murojaat kelib tushgan, takroriy murojaatlar ulushi 9,1 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining holati, debitor qarzdorlikni bartaraf etish, hududlarni obodonlashtirish va «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hududlar» yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ijtimoiy soha obyektlarining qish mavsumiga tayyorligi, taʼlim muassasalarida isitish tizimlari va zarur infratuzilmaning holati, tibbiyot muassasalarining mavsumga shayligi hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Viloyat hokimi muhokama qilingan har bir yo‘nalishning aholi turmush farovonligi, hududlar iqtisodiy salohiyati va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashdagi ahamiyatini taʼkidlab, rahbarlardan mavjud muammolarga yuzaki emas, balki aniq hisob-kitob va amaliy yechimlar asosida yondashishni talab qildi.
Shahardagi mahallalar faoliyati tahlil qilinganda, ayrim hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar hanuz qoniqarsiz darajada qolayotgani maʼlum bo‘ldi. Xususan, reytingning eng quyi o‘rinlaridan joy olgan “Tinchlik”, “Birdamlik”, “Turkiston”, “Yoshlik” va «Yangi hayot» mahallalarida aholi bandligini taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda infratuzilmani yaxshilash borasidagi ishlarni kuchaytirish zarur.
Yig‘ilishda, shuningdek, yoshlar bilan ishlash, ularning bandligini taʼminlash, tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi uchun madaniy tadbirlar va sayyor tibbiy qabullarni tashkil etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, har bir rahbar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi, natijadorlik va mavjud muammolarni bartaraf etish uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
Belgilangan maqsadlarga erishishda ijro intizomi, tizimli nazorat va amaliy natijadorlik asosiy mezon bo‘lib xizmat qilishi lozim.









