MEHR-SAXOVAT VA HAMJIHATLIK — OBOD MAHALLA ASOSI
2026-08-06 14:30:00 / Yangiliklar

🇺🇿 O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda "Dolzarb 40 kunlik" "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida Bekobod shahar mahallalarida keng ko‘lamli obodonlashtirish va targ‘ibot tadbirlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Jumladan, bugun "Tinchlik" mahallasida umumxalq hashari tashkil etilib, mahalla ahli obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga, hashar qatnashchilari, mahallada istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda yakka-yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida mahallaning faol nuroniysi Toshmatov Yoqubjon hoji ota homiyligida xayr-saxovat oshi damlanmoqda.
Ushbu ezgu tashabbus "Dolzarb 40 kunlik" doirasida haftaning har payshanba kuni an'anaviy tarzda o‘tkazilib, mahallada mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bunday xayrli ishlar xalqimizning azaliy qadriyatlari — oqibat, saxovat va insonparvarlikning yorqin ifodasi bo‘lib, mahallalarda ahillik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Faol nuroniylar boshchiligida amalga oshirilayotgan har bir ezgu tashabbus Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, obod mahalla va farovon hayot barpo etishdek yuksak maqsadlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.








