“O‘zmetkombinat” AJda kiberxavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi
2026-08-04 10:35:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiberxavfsizlikni ta’minlash, axborot tizimlarini ishonchli himoya qilish hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida raqamli xavfsizlikni kuchaytirish borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida bugun “O‘zmetkombinat” AJda keng qamrovli yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Bekobod shahar hokimi Narimonjon Ismailov, “O‘zmetkombinat” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktor Bahodir Abdullayev, Bekobod shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Fayzulla Ismoilov, korxona rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida axborot tizimlari va raqamli infratuzilmani ishonchli himoya qilish, sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan yuzaga kelayotgan yangi turdagi kiberxavflarning oldini olish, korxonaning axborot resurslarini himoya qilish hamda xodimlar o‘rtasida kibergigiyena madaniyatini yuksaltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2025-yil 30-apreldagi qarori bilan axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish tizimini tubdan takomillashtirish, davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda kiberxavfsizlikni kuchaytirish, zamonaviy himoya vositalarini joriy etish hamda xodimlarning kibermadaniyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Shuningdek, Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2025-yilda mamlakatda sodir etilgan jinoyatlarning qariyb 42 foizi axborot texnologiyalari bilan bog‘liq ekani qayd etilib, barcha tashkilotlarda axborot xavfsizligini mustahkamlash, raqamli infratuzilmani zamonaviy himoya vositalari bilan ta’minlash hamda xodimlarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish yuzasidan muhim topshiriqlar berilgani qayd etildi.
Yig‘ilishda korxonaning barqaror va uzluksiz faoliyatini ta’minlashda kiberxavfsizlikning o‘rni tobora ortib borayotgani, har bir xodim kibergigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishi, xizmat faoliyatida axborot xavfsizligi talablariga rioya etishi hamda zamonaviy kiberxavflarga nisbatan doimo hushyor bo‘lishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat vazifalarini vijdonan va xolis bajarish, ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, bu borada har bir rahbar va xodimning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida korxonada kiberxavfsizlikni yanada mustahkamlash, axborot tizimlarining ishonchli va uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.







