BEKOBOD SHAHAR "NURONIY" JAMG‘ARMASI RAISI T. NIYOZOVNING SHAHAR NURONIYLARIGA MUROJAATI
2026-07-18 11:30:00 / Yangiliklar

Aziz va qadrli otaxon-u onaxonlar! Muhtaram nuroniylar!
Bugun Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanayotgan, mahallalar hayoti yangi bosqichga ko‘tarilayotgan tarixiy davrda yashamoqdamiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarda yangi muhit yaratish, "mahalla yettiligi" faoliyatini tubdan takomillashtirish hamda obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Bugun ushbu ezgu tashabbuslar Bekobod shahrida ham izchil amalga oshirilmoqda.
Shahrimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari davom etmoqda, mahallalar obod bo‘lib, ko‘chalarimiz yanada fayz kasb etmoqda.
Yangi ijtimoiy obyektlar, zamonaviy ta'lim maskanlari, sport inshootlari, yashil hududlar va infratuzilma obyektlari bunyod etilib, xalqimizning farovon hayoti uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda.
Muhtaram nuroniylar!
Sizlar xalqimizning bebaho boyligi, mahallalarimizning ma'naviy ustuni va fayzisiz.
Ko‘pni ko‘rgan, oqni qoradan ajrata oladigan, hayot sinovlaridan munosib o‘tgan avlod sifatida bugun ham yoshlarimizni Vatanga muhabbat, tinchlikni qadrlash, mehr-oqibat, shukronalik va insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashdek sharafli vazifani ado etib kelmoqdasiz.
Bugungi kunda har bir mahallaning obodligi, har bir xonadonning fayzi va ko‘chalarimizning pokizaligi barchamizning birdamligimizga bog‘liq.
Shu bois siz aziz nuroniylarni "Obodonlashtirish va mehr-saxovat oyligi" doirasida amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarda faol ishtirok etishga chorlayman.
Keling, yoshlarimizga bosh bo‘lib, ko‘chalarimizni obod qilaylik, daraxt va gulzorlarni parvarishlaylik, ariq-zovurlarni tozalaylik, mahallalarimizni yanada ko‘rkam va fayzli maskanga aylantiraylik.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bayramini munosib kutib olish har birimiz uchun sharafli burchdir.
Bayram shukuhi, eng avvalo, xonadonlarimiz, ko‘chalarimiz va mahallalarimizda yaqqol namoyon bo‘lishi lozim.
Zero, obod mahalla — farovon hayot, ahillik va taraqqiyot timsolidir.
Aziz otaxon va onaxonlar!
Keling, azaliy qadriyatlarimizga sodiq qolgan holda, "Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla" tamoyilini hayotimizning ajralmas mezoniga aylantiraylik.
Har bir ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, mahallalarimizda tinchlik, hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlaylik.
Yosh avlodga o‘zimizning ibratli hayot yo‘limiz, dono maslahatlarimiz va ezgu amallarimiz bilan namuna bo‘laylik.
Yaratayotgan bunyodkorlik ishlari bardavom bo‘lsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, mahallalarimiz obod bo‘lsin!
Hurmat bilan,
T. NIYOZOV
Bekobod shahar "Nuroniy" jamg‘armasi raisi.
