Bekobodda xalqaro hamkorlik: kasb-hunar ta'limida yangi imkoniyatlar
2026-07-10 11:10:00 / Yangiliklar

Bekobod shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Q.Safarov Germaniyaning PEM Consult kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Germaniya Moliyaviy Hamkorligi ishtirokida Bekobod shahar 2-sonli texnikumida mehnat bozori talablariga mos qisqa muddatli kasb-hunar ta'limini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari hamda kelgusida bajariladigan vazifalar belgilab olindi.
Mazkur loyiha barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq yoshlarni sifatli kasb-hunar ta'limi bilan qamrab olish, ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish va munosib ish bilan ta'minlanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, mehnat bozori talablariga mos qisqa muddatli o‘quv kurslari orqali aholining, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.
Loyiha doirasida tanlangan texnikum binosi zamonaviy talablar asosida ta'mirlanib, yangi o‘quv jihozlari bilan jihozlanadi.
Shuningdek, xalqaro tajribaga asoslangan maxsus ta'lim dasturlari joriy etilib, o‘quv jarayonining sifati yanada oshiriladi.
Bu hamkorlik Bekobod shahrida kasb-hunar ta'limi tizimini yanada takomillashtirish, aholi bandligini ta'minlash va malakali kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.
