Bekobod shahar prokurori B.Ilyasovning elektr energiyasini tejash va undan oqilona foydalanish yuzasidan shahrimiz aholisiga yo‘llagan MUROJAATI
2026-06-30 17:35:00 / Yangiliklar

Hurmatli hamshaharlar!
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 29-aprel kuni qabul qilingan “2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–70-son Farmoni mazmun-mohiyatidan yaxshi xabardorsiz.
Mazkur farmon bilan aholi xonadonlarida o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish mexanizmlari belgilab qo‘yilgan.
Prezidentimiz tomonidan hayotga tatbiq etilgan ushbu islohotni samarali amalga oshirishda Bekobod shahrining quyoshli hudud ekani katta ustunlik va qulaylik yaratadi.
Biroq, tahlillarga ko‘ra, bugungi kunga qadar shaharimizda o‘z xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatganlar soni 301 nafarga yetgan. Shuningdek, 128 nafar tadbirkor ham quyosh panellarini o‘rnatgan.
Shu bilan birga, shahardagi 35 ta mahallada istiqomat qiluvchi 26 ming 641 nafar iste’molchidan 21 ming 512 nafari joriy yilning may oyida 200 kVt·soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilgan.
Natijada, ushbu iste’molchilar bazaviy me’yor (limit)dan ortiq ishlatilgan elektr energiyasi uchun yuqori tarif bo‘yicha to‘lovni amalga oshirmoqda.
Masalan, “Al-Xorazmiy” mahallasida yashovchi fuqaro R.Xning xonadoni joriy yil may oyida 2 469 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilib, 3 mln 64 ming so‘m, iyun oyida esa 2 632 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilib, 3 mln 356 ming so‘m to‘lov qilgan. Ikki oy davomida jami 6 mln 420 ming so‘mlik elektr energiyasi iste’mol qilingan.
Aksincha, “Q.Farmonov” mahallasida yashovchi fuqaro N.X xonadoniga 20 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatib, joriy yil may oyida 2 721 kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqargan. Oila ehtiyojidan ortgan 2 483 kVt·soat elektr energiyasini davlatga sotish orqali 2 mln 483 ming so‘m daromad olgan.
Bu kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanib, daromad topayotgan xonadonlar soni tobora ortib bormoqda.
Umuman olganda, quyosh ne’matidan unumli foydalanayotgan N.Xning elektr energiyasini davlatga sotish orqali daromad olayotgani shuni ko‘rsatadiki, quyosh panellaridan foydalanish vaqti allaqachon kelgan.
Hurmatli fuqarolar!
Agar Siz quyosh panellarini o‘rnatmasangiz, elektr energiyasi uchun belgilangan tarif asosida doimiy ravishda to‘lovni amalga oshirasiz va bu oilaviy byudjetingizdan muntazam xarajat bo‘lib qoladi.
Agar quyosh panellarini o‘rnatsangiz, quyidagi imtiyozlarga ega bo‘lasiz:
Quyosh panellari orqali elektr energiyasini bepul ishlab chiqarib, o‘zingiz iste’mol qilasiz hamda ortgan qismini davlatga sotasiz.
Iste’molingizdan yuqori quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatib, ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotsangiz, har bir
1 kVt·soat uchun 1 000 so‘mdan haq to‘lanadi.
Quyosh panellarini imtiyozli shartlar asosida xarid qilish imkoniyatlari mavjud.
Soliq kodeksining 428-moddasiga ko‘ra, 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan taqdiringizda, ushbu uskunalar uchun mol-mulk solig‘idan, ular egallab turgan yer uchastkasi uchun yer solig‘idan hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan olinadigan foyda solig‘idan 3 yil mudda
tga ozod etilasiz.
Yuqoridagi masalalar bo‘yicha amaliy yoki huquqiy yordam zarur bo‘lgan taqdirda, Bekobod shahar prokuraturasida faoliyat yuritayotgan shtabning quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
☎️( 90)354-30-04
☎️ (71)501-07-40
