Bekobodda xalqaro tibbiy hamkorlikning yangi sahifasi ochildi
2026-04-20 13:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 20-aprel kuni Bekobod shahri yana bir muhim xalqaro voqeaga mezbonlik qildi. Koreya Respublikasining Pxoxan shahridan tashrif buyurgan nufuzli tibbiyot delegatsiyasi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni almashish va zamonaviy tibbiy yondashuvlarni joriy etish maqsadida shahrimizga qadam qo‘ydi.
🤝 Delegatsiya tarkibida fizioterapevt-reabilitologlar, manual terapevtlar, dermatologlar hamda an’anaviy koreys tibbiyoti mutaxassislari bo‘lib, ular o‘z yo‘nalishlarida katta tajribaga ega ekani bilan alohida e’tibor qozondi.
🥖🍯 Mehmonlar Bekobod shahar hokimligida milliy an’analarimizga xos tarzda — non va asal bilan samimiy kutib olindi. Ushbu ezgu an’ana mehmonlarda iliq taassurot uyg‘otdi. Madaniy dastur doirasida koreys millati uyushmasi vakillari tomonidan ijro etilgan milliy raqslar esa uchrashuvga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
💬 Rasmiy uchrashuv Bekobod shahar hokimi N. Babayev boshchiligida o‘tkazilib, unda kengash raisi J. Dushabayev, shahar hokimining o‘rinbosari G. Babaraimova hamda shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i R. Axmedov ishtirok etdilar. Muloqot jarayonida tibbiyot sohasida hamkorlikni kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
🎥 Shuningdek, mehmonlarga Bekobod shahri salohiyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etilib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji va tibbiyot tizimidagi islohotlar haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi.
🌐 Mazkur tashrif Bekobod va Pxoxan o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqib, tibbiyot sohasida innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.





