Rahbarlar va yoshlar uchrashuvi – kelajak sari ochiq muloqot
2026-04-16 11:45:00 / Yangiliklar

Bugun Bekobod shahrida rahbarlar va yoshlar o‘rtasida samimiy va ochiq muloqot ruhida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda shahar hokimi N.Babayev, shahar prokurori B.Ilyasov, shahar IIB boshlig‘i F.Ismoilov, DSI rahbari F.Mamatqulov hamda Angren shahrida joylashgan harbiy qism komandirining o‘rinbosari A.Sobirovlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalarni ochiq-oydin bayon qilib, bevosita rahbarlarga murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Har bir savol ortida turgan muammo, har bir taklif ortida yotgan tashabbus chuqur e’tibor bilan tinglanib, mutasaddilar tomonidan aniq va hayotiy javoblar berildi.
Bu uchrashuv nafaqat savol-javob, balki yoshlarning orzu-intilishlari, kelajakka bo‘lgan qarashlari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maydoniga aylandi.
Ayniqsa, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Uchrashuv yakunida rahbarlar va yoshlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlash, har bir murojaatni e’tiborsiz qoldirmaslik hamda yoshlarning takliflarini amaliy natijaga aylantirish bo‘yicha qat’iy kelishuvlarga erishildi.
Zero, yoshlar bilan ochiq muloqot — bu nafaqat bugunning talabi, balki ertangi taraqqiyotning eng mustahkam poydevoridir!






