Bekobod shahar hokimligi Axborot xizmatining rasmiy munosabati
2026-02-23 14:35:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Bekobod shahri “Tashabbusli byudjet” loyihasida yetarli natija ko‘rsata olmayotgani, fuqarolar o‘z ovozlarini boshqa hududlar loyihalari uchun berib yuborgani haqida tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Shuningdek, ayrim davlat ahamiyatiga ega yo‘l uchastkalari uchun mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjetdan ajratilishi zarurligi ta’kidlangan.
Bekobod shahar hokimligi Axborot xizmati ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
“Tashabbusli byudjet” loyihasi joriy etilganidan buyon Bekobod shahrida har yili, har chorak yakuni bo‘yicha ijtimoiy soha ob’yektlari — umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot va sport maktablarini ta’mirlash hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qator loyihalar g‘olib deb topilib, amalda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarib kelinmoqda.
Yo‘l masalasiga kelsak, mahallalarning ichki ko‘chalarida yer osti muhandislik tarmoqlari yangilanib, qator hududlarda asfaltlash ishlari amalga oshirildi. Ayni vaqtda shaharning markaziy va katta ko‘chalarida 70 yildan ortiq vaqt xizmat qilgan yer osti quvurlari bosqichma-bosqich almashtirilmoqda.
Ushbu ishlar to‘liq yakunlanib, qazilgan hududlarda yer qatlami mustahkamlangach va cho‘kish jarayonlari bartaraf etilgandan so‘ng, Bekobod shahar ko‘chalarini bosqichma-bosqich asfaltlash ishlari amalga oshiriladi.
Bekobod shahar hokimligi barcha taklif va mulohazalarni ochiq muloqot asosida qabul qiladi hamda shahar infratuzilmasini yanada yaxshilash borasida izchil ishlarni davom ettiradi.
