Bekobod shahar IIB boshlig‘i Ismoilov Fayzulla Hikmatovichning axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish borasida aholiga yo‘llagan murojaati
2026-01-21 10:25:00 / Yangiliklar

Hurmatli hamshaharlar! Aziz fuqarolar!
Hammamizga ma’lumki, bugungi kunda axborot texnologiyalari va internet hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Kundalik hayotimizda raqamlashtirish darajasi oshib borayotgani bilan birga, kiberjinoyatlar xavfi ham ortib bormoqda. Har birimiz internet orqali bank amaliyotlarini bajaramiz, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritamiz, turli onlayn xizmatlardan foydalanamiz. Shu sababli, kiberxavfsizlik choralariga amal qilish har bir faol internet foydalanuvchisi uchun dolzarb vazifa bo‘lishi lozim.
Birgina 2025-yil davomida Bekobod shahrida fuqarolarimizga nisbatan 194 ta kiberjinoyat sodir etilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida aholimiz 1,5 milliard so‘mdan ortiq moddiy zarar ko‘rgan.
Hozirgi kunda fuqarolarimizning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishiga olib kelayotgan quyidagi holatlar tez-tez uchramoqda:
-
Fishing va smishing, ya’ni yolg‘on elektron pochta va SMS xabarlar. Banklarning onlayn platformalari yoki davlat tashkilotlari nomidan yuborilgandek ko‘ringan xabarlar orqali shaxsiy ma’lumotlar (parollar, bank rekvizitlari) so‘raladi.
-
Ma’lumotlarning noto‘g‘ri saqlanishi. Oddiy yoki bir nechta saytlar uchun bir xil parollardan foydalanish hisoblarning oson buzilishiga olib keladi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarning haddan tashqari ochiq joylashtirilishi xavf tug‘diradi.
-
Zararli dasturlar. Ishonchsiz manbalardan yuklab olingan fayllar orqali qurilmaga zararli dasturlar o‘rnatiladi. Natijada fayllar shifrlanib, ularni qayta tiklash uchun pul talab qilinadi.
-
Ijtimoiy muhandislik. Texnik yordam, “lotereya g‘olibi” va shunga o‘xshash aldovlar orqali fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlar yoki pul undiriladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta profillar orqali ishonchga kirib, moddiy zarar yetkaziladi.
-
Onlayn do‘konlar yoki auksionlardagi aldovlar. Xarid qilingan mahsulot yetib kelmasligi yoki sifati e’lon qilinganga mos kelmasligi holatlari kuzatiladi.
-
Ijtimoiy tarmoqlardagi hujumlar. Hisoblarni o‘g‘irlash, kiberzo‘ravonlik va shantaj. Shaxsiy ma’lumotlar yoki suratlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, ruhiy bosim o‘tkazish va pul talab qilish holatlari mavjud.
Shu bois, bunday kiberjinoyatlarning qurboniga aylanib qolmaslik uchun quyidagi ehtiyot choralariga amal qilishingizni tavsiya etamiz:
-
Faqat ishonchli manbalardan foydalaning, shubhali havola va fayllarni ochmang.
-
Ikki bosqichli autentifikatsiya funksiyasini yoqing va undan foydalaning.
-
Onlayn to‘lovlarni amalga oshirishda ehtiyot bo‘ling, faqat ishonchli saytlar orqali xarid qiling.
-
Bolalaringizning internetdagi faoliyatini nazorat qiling, ular bilan internet xavflari haqida suhbatlashib turing.
-
Noma’lum manbalardan kelgan xabar va havolalarga ishonmang. Bank kartangiz rekvizitlari, SMS-kodlar va shaxsiy ma’lumotlaringizni hech kimga bermang.
-
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan axborotning ishonchliligini tekshiring.
Unutmang, kiber makonda yo‘l qo‘yilgan birgina ehtiyotsizlik real hayotingizda jiddiy moliyaviy va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklardan fuqarolarni himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ichki ishlar vazirligi tizimida 2026-yil “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash yili” deb e’lon qilinib, mazkur yo‘nalish eng ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Bekobod shahar Ichki ishlar bo‘limi ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda kiber makonda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida o‘z faoliyatini izchil davom ettiradi. Biroq kiberxavfsizlik faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas, balki har bir fuqaroning ongli mas’uliyatidir.
Agar siz kiberjinoyat qurboniga aylansangiz yoki shubhali vaziyatga duch kelsangiz, darhol bankingizga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Shuningdek, ichki ishlar organlariga, jumladan, profilaktika inspektorlariga onlayn tarzda audio, foto va video murojaatlar yuborish, ariza va shikoyatlar qoldirish, murojaat natijalarini kuzatish imkoniyati mavjud. Eng yaqin IIO bo‘limlari va maxsus xizmatlarning ishonch raqamlari haqida ham ma’lumot olishingiz mumkin.
Buning uchun hududingizdagi profilaktika inspektorlari bilan muloqotni yanada qulay va tezkor qilish maqsadida yaratilgan “Mening inspektorim” mobil ilovasidan foydalanishni tavsiya etamiz. Ilovani App Store va Play Market orqali yuklab olishingiz mumkin.
Eslab qoling: kiberxavfsizlik bu faqat texnik masala emas, balki har bir fuqaroning jamiyatdagi faoliyatining muhim qismidir.
Xavfsiz internet muhiti uchun o‘z hissangizni qo‘shing!
Birgalikdagi mas’uliyat va ogohlik orqali shahrimizda xavfsiz kiber makonni ta’minlaymiz.
