Bekobod shahar prokurori B.Ilyasovninig Kriminogen vaziyatni yaxshilash va jinoyatlarni barvaqt oldini olish bo‘yicha murojaati
2026-01-17 17:50:00 / Yangiliklar

Bekobod shahar prokuraturasi tomonidan 2025 yil davomida shahar hududida kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yil 3 yanvar kuni qabul qilingan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–1-son qaroriga muvofiq, joriy yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi.
Shuningdek, 2021 yil 29 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–27-son Farmonga muvofiq, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar, Davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, mahalla va oila tizimi, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari jamoat xavfsizligini ta’minlovchi asosiy subektlar etib belgilangan.
2025 yilning 4-choragida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida:
— aholi gavjum joylar va ko‘chalarga 189 ta,
— ko‘p qavatli uylar hovlilariga 8 ta PTZ kamera,
— asosiy kirish-chiqish joylari, savdo markazlari va bozorlarga yuz va avtomobil raqamlarini tanib oluvchi 42 ta,
— maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalariga 49 ta videokuzatuv kamerasi,
— ko‘p qavatli uylar eshiklariga 128 ta zamonaviy domofon o‘rnatildi.
Milliy gvardiya tomonidan 300 ta xonadon hamda 111 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari texnik qo‘riqlovga olindi. Shuningdek, “namunaviy xavfsiz ko‘chalar” va “namunaviy xavfsiz yo‘laklar” tashkil etildi.
Shu bilan birga, Bekobod shahrida jami 33 ta mahalla mavjud bo‘lib, shundan 11 tasi yashil, 20 tasi sariq va 2 tasi qizil toifaga kiritilgan. Mahallalar hududida jami 160 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 65 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar hisoblanadi.
Joriy yil davomida shaharda jami 450 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, shundan 166 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan, 165 tasi aniqlanadigan hamda 119 tasi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlardir. Tahlillar natijasida ayrim turdagi jinoyatlarning kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, ayrim yo‘nalishlarda o‘sish kuzatilgan.
Shu munosabat bilan, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda mas’ul subektlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan holatlar aniqlanib, ayrim mas’ul shaxslarga nisbatan prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi.
2026 yil 5 yanvarda qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, mahallalarda manzilli profilaktika tadbirlarini kuchaytirish, aholining murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, ayniqsa ayollar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning asl omillarini chuqur tahlil qilish orqali barvaqt oldini olish asosiy maqsad qilib belgilandi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Bekobod shahar prokuraturasi tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, qonun buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
Xavfsiz mahalla — bu har bir fuqaroning mas’uliyati.
