Bekobod tumanida OAV vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi
2026-06-09 19:05:00 / OAV biz haqimizda
Bekobod tumanida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-tur davomida hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tadbirkorlik loyihalari hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar bilan yaqindan tanishildi.
🌱 Press-turning ilk manzili Saryuz mahallasi bo‘ldi. Bu yerda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida fevral oyida tomorqa va ijaraga olingan yer maydonlariga ekilgan kartoshka hosilini yig‘ib-terib olish jarayonlari OAV vakillariga namoyish etildi. Mahalla ahli tomonidan yetishtirilgan mo‘l hosil hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
🏗️ Keyingi manzil Dalvarzin mahallasi bo‘lib, bu yerda oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, barqaror daromad topayotgan tadbirkorlar faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, mahalla markazida qad rostlayotgan Hunarmandlar markazi qurilish ishlari ham press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
🌿 Shundan so‘ng OAV vakillari Nazarboy mahallasida zovur yoqalaridan samarali foydalanib, namunali faoliyat yuritayotgan tadbirkor tajribasini o‘rgandilar. Ushbu loyiha foydalanilmayotgan yer maydonlaridan unumli foydalanish orqali qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish mumkinligini yaqqol namoyon etdi.
🐟 Press-turning so‘nggi manzili Farxod mahallasida joylashgan, O‘zbekbaliqsanoat uyushmasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan “PAS TROUT” intensiv baliqchilik majmuasi bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan majmua hududda baliqchilikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
✨ Press-tur davomida namoyish etilgan barcha loyihalar Prezidentimiz tashabbuslari va islohotlarining Bekobod tumanidagi amaliy natijasidir. Yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda xalq farovonligini oshirishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar davlatimiz rahbarining bekobodliklarga bo‘lgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligidan dalolat beradi.

