Yoshlar kuni
2026-04-30 14:25:00 / Yangiliklar
2026-yil 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlab o‘tkazilgan uchrashuvda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Bekobod tumanida har hafta rahbarlar va yoshlar uchrashuvlari tashkil etilmoqda.
Navbatdagi uchrashuv Qo‘rg‘on mahallasida bo‘lib o‘tdi. Unda Ilg‘or, Terakzor hamda Gulzor mahallalari yoshlari ham ishtirok etdi. Tadbirda tuman hokimi hamda DXX rahbari qatnashib, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi.
Uchrashuv davomida yoshlarning IT, sport va kitobxonlik yo‘nalishlaridagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, ularning maqsadlari, orzu-intilishlari hamda mavjud muammolari tinglandi.
Ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda. Natijada yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning samarali va kompleks tizimi shakllanib bormoqda.
Bilimli, keng dunyoqarashga ega va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash — ustuvor vazifalardan biridir.
Yoshlar mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallashga chorlandi.
Zero, ertangi kun egalari — bugungi faol, intiluvchan va tashabbuskor yoshlardir!

