Bekobodda yoshlar bilan uchrashuv va amaliy qo‘llab-quvvatlash
2026-04-03 14:25:00 / Yangiliklar
2026-yil 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlab o‘tkazilgan uchrashuvda berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Bekobod tumanida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning tashabbus va takliflarini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlar tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olingan holda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari tomonidan 15 nafar yoshga zarur ish qurollari topshirildi.
Xususan, ularga muzlatgichlar, tikuvchilik dastgohlari, motokultivatorlar, payvandlash qurilmalari, kompyuter va printerlar hamda elektr skuterlar berildi.
Mazkur amaliy yordam yoshlarning o‘z bandligini yo‘lga qo‘yishi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi hamda daromad manbaini shakllantirishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
