OLIMPIYA SARI QADAM
2026-03-24 09:50:00 / Yangiliklar

Bekobod tumanidagi sport maktabida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli sport tadbirida tuman hokimi ishtirok etib, yosh sportchilarga omad, matonat va yuksak natijalar tiladi. O‘z nutqida u sport nafaqat jismoniy chiniqish, balki iroda, intizom va g‘alabaga bo‘lgan ishonch maktabi ekanini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, bunday musobaqalar yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va vatanparvar ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu maydonlarda chiniqqan yoshlar ertaga yurtimiz sha’nini xalqaro arenalarda munosib himoya qiladigan sportchilarga aylanishi shubhasiz.
Tantanali ochilish marosimi ko‘tarinki kayfiyat, sportiy ruh va katta ishonch bilan o‘tdi hamda musobaqalarga rasman start berildi.
Endilikda sportga oshno, g‘alabaga chanqoq yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlar qizg‘in, murosasiz va tomoshabop ruhda kechishi kutilmoqda.
