Bekobod tumanida san’at nafasi — ilhomga to‘la oqshom!
2026-02-03 17:30:00 / Yangiliklar
Bekobod tumani Madaniyat bo‘limi san’at va ma’naviyat uyg‘unlashgan haqiqiy maskanga aylandi. “Madaniyat karvoni” loyihasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuv tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar, ko‘tarinki kayfiyat va chinakam estetik zavq bag‘ishladi.
Ushbu madaniy tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi 399-son qarori hamda Madaniyat vazirligining 2026-yil 19-yanvardagi 01-12-14-257-sonli xati ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi.
O‘zbek Milliy akademik drama teatri san’atkorlari 3–7-fevral kunlari Toshkent viloyati bo‘ylab gastrol safarida bo‘lib, o‘zlarining boy repertuarlari orqali san’atning betakror jozibasini namoyon etmoqdalar.
Tadbirda xalqimizning sevimli san’atkorlari:
O‘zbekiston, Tojikiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sagdiyev,
O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, Saida Rametova, Zuxra Ashurova, Toxir Saidov, Tesha Moʻminov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ra’no Yarashova, Lola Eltoyeva, Marat Azimov,
hamda taniqli aktyorlar Sharofiddin Muzropov va Hamza Hasanov sahnadagi mahorati bilan barchaning e’tiborini tortdi.
Jonli ijrolar, ta’sirchan sahna ko‘rinishlari va dilbar kuy-qo‘shiqlar zalni iliq his-tuyg‘ular bilan to‘ldirdi.
Bekobodliklarning samimiy kutib olishi, san’atkorlar bilan samimiy muloqotlar va yoshlarning san’atga bo‘lgan qiziqishi ushbu uchrashuvning ahamiyatini yanada yuksaltirdi.
San’at — qalbni ilhomlantiradi, tafakkurni boyitadi va insonlarni birlashtiradi!
Madaniyat bor joyda ruh yuksaladi, hayot esa yanada go‘zal tus oladi!
