QISH MAVSUMIDA G‘ALLA MAYDONLARIMIZGA ENG DOLZARB AGROTEXNIK TADBIRLARNI O‘Z VAQTIDA QO‘LLAB, 2026 YILDA G‘ALLADAN YANADA MÖL HOSIL OLAYLIK!
2025-12-04 14:15:00 / Yangiliklar

QISH MAVSUMIDA G‘ALLA MAYDONLARIMIZGA ENG DOLZARB AGROTEXNIK TADBIRLARNI O‘Z VAQTIDA QO‘LLAB, 2026 YILDA G‘ALLADAN YANADA MÖL HOSIL OLAYLIK!
Bekobod tumani fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga MUROJAATI
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Keyingi yillarda yer yuzida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar va qurgo‘qchilik kabi holatlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtirmoqda.
Mamlakatimizda bu yil kuz fasli hamda dekabr oyining birinchi o‘n kunligi quruq va iliq kelmoqda. Albatta, bu holat fermerlarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda so‘nggi yillarda Siz, dehqon fermerlarga davlatimiz rahbari tomonidan ko‘plab Farmon va qarorlar qabul qilinib, buning natijasida joylarda ulkan yutuqlarga erishildi.
Jumladan, agrar tarmoqda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshdi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy holatini barqaror rivojlantirish, fuqarolarning sog‘ligi va hayotini yaxshilashning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Azaldan xalqimiz nonni eng ulug‘ ne’mat bilib qadrlaydi. Yangi O‘zbekistonimizning bu yilgi ulkan g‘alla xirmoni omilkor dehqon va fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar, g‘allachilik klasterlari rahbarlari, sohaning fidoyi olimlari, tajribali mutaxassislarining zahmatli mehnatlari evaziga yaratildi.
Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, g‘allachilikni rivojlantirish borasidagi iqtisodiy tub islohotlarning amaliy natijasidir.
Boshoqli don yetishtirish sohasida bozor tamoyillari joriy etildi.
Fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni ta’minlamoqda.
Davlat resursi va birja savdolarida sotish uchun g‘alla topshirish manfaat keltirayotganini siz fermerlar his etmoqdasiz.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan g‘alla maydonlari yildan-yilga kengayib bormoqda.
Bugungi kunda, hududlarda ekilgan g‘alla maydonlarida tuplagan, 3–4 barg, 1–2 barg fazasida rivojlanayotgan, hatto unib chiqmagan maydonlarni ham uchratish mumkin.
Dehqonlar ta’biri bilan aytganda, “Yil yilga o‘xshamaydi”, bugungi kunda g‘alla maydonlarini parvarishlashda o‘zgacha agroteknik tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Tegishli soha olim va mutaxassislari tomonidan Xitoy, Turkiya, Pokiston, Nepal va Hindiston davlatlarining suv tanqis, (kam yog‘ingarchilik bo‘lganda) havo harorati iliq keladigan hududlarida g‘alla yetishtirishda qo‘llaniladigan tajribalari o‘rganib chiqildi.
Masalan, Xitoyda g‘alla ekilgan maydonlarning yuza qismiga chirigan go‘ng bilan yopib chiqish (mulchalash) namni uzoq saqlaydi va haroratning keskin o‘zgarishini kamaytiradi.
G‘alla yetishtirishda mavsum boshida qurgo‘qchilik kuzatilsa, kam miqdordagi 40–50 mm suv bilan sug‘orish o‘tkaziladi.
Ekin maydonini oziqlantirishda azotli o‘g‘itlar miqdorini kamaytirib, fosforli va kaliylik o‘g‘itlar me’yorlarini oshiradi.
Turkiya davlatining Konya, Shonliurfa, Harran vodiylarida g‘alla yetishtirishda mavsum boshida qurgo‘qchilik kuzatilsa, kam miqdordagi 40–60 mm suv bilan sug‘orish o‘tkaziladi. Bunda, tuproqdagi namlik 40–50 foizga tushganda sug‘orish ishlarini o‘tkazishadi (yaxshi samara bergan).
Tarkibida aminokislotalar, gumin kislotalari, rux, magniy, kremniy kabi mikroelementlar mavjud biostimulyatorlarni qo‘llash g‘alla nihollarida qurgo‘qchilikka chidamlilikni oshiradi.
Pokiston davlatida esa, suv resurslari kam bo‘lganda gektariga 200–300 m³ miqdorda suv bilan tez sug‘orish usulidan foydalaniladi.
Begona o‘tlarga qarshi kurash olib boriladi, chunki begona o‘tlar cheklangan suv resursini yaxshi o‘zlashtiradi.
Aziz mirishkor dehqon va fermerlar!
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan kuz oylarining quruq va iliq kelganda boshoqli don ekinlarini parvarishlash bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyanomaga asosan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga va klasterlarga 2026 yilda har bir gektar g‘alladan 80–100 sentner hosil olish uchun quyidagilarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz:
birinchidan, ekilgan g‘alla maydonlarini undirib olish uchun suvchilarni ko‘paytirgan holda, o‘qariqlar orasini 60–70 metrdan olib, to‘liq sug‘orishni tashkil eting;
ikkinchidan, suv tanqisligi va yog‘ingarchilikning kam bo‘lishini inobatga olgan holda, tuplagan va 3–4 bargli g‘alla maydonlariga 150 kgdan, 1–2 barg va unib chiqmagan maydonlarga 100–120 kgdan sulfat ammoniy o‘g‘itini dala sharoitidan kelib chiqib, 3 dekabrdan 10 dekabrgacha oziqlantirishni yakunlang;
uchinchidan, kechki va qoloq g‘alla maydonlarini yaxshilash maqsadida qo‘shimcha gektariga 100–150 kg azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirib, g‘alladan barakali hosil olishga erishing;
to‘rtinchidan, dekabr oyida ob-havoning quruq va iliq kelishini inobatga olib, suspensiya sepish yaxshi natija berishi tajribasidan kelib chiqib, suyuq fosforga ega bo‘lgan IFO-PZN, NPK, FLOWER kabi biostimulyatorlardan foydalaning;
beshinchidan, g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, davlat tomonidan beriladigan subsidiya mablag‘ini oling hamda hosildorlikni 10–12 s/ga oshiring va suvni 35–45 foizga tejang;
oltinchidan, dalangizning suv kirish qulog‘iga 1 tadan handak o‘ra qazib, gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arishni unutmang hamda ichki ariqlarni betonlashtirib, suv sarfini kamaytirishga erishing;
yettinchidan, kechki va unib chiqmagan g‘alla maydonlariga quruq, chirigan mahalliy go‘ng sepishni tashkil eting. Bunda, gektariga 20 tonnadan go‘ng qo‘llanilganda kuzgi bug‘doy don hosildorligi 6–12 s/ga oshishi va go‘ng mineral o‘g‘itlar bilan birga qo‘llanilganda samaradorlik yanada yuqori bo‘lishini aslo unutmang;
sakkizinchidan, g‘o‘za qator orasiga ekilgan maydonlarni g‘ozapoyadan kesish agregatlari yordamida tozalang, bunda g‘ozapoyani qo‘lda sug‘urib olishga yo‘l qo‘ymang;
to‘qqizinchidan, g‘alla maydonlarini chorva mollari tomonidan payhon qilinishidan himoyalang;
o‘ninchidan, aholi xonadonlari va chorva komplekslaridagi mahalliy o‘g‘itlarni jamg‘arib, dalalarga chiqarish, handak o‘ralar qazish ishlarini tashkil eting;
o‘n birinchidan, ob-havoning qulay kunlaridan foydalanib, dala atroflarini, ichki va xo‘jalik ariqlarini tozalashni yakunlang;
o‘n ikkinchidan, har bir fermer xo‘jaligi rahbari g‘allachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, g‘allaga qo‘shimcha ozuqa berib, yuqoridagi tadbirlarni og‘ishmay amalga oshirib 2026 yil g‘alla hosilini 80–100 sentnerga yetkazib, yuqori daromad olishga erishing.
Aziz fermer va dehqonlar!
Xalqimiz bugun biz dehqon va fermerlarning shijoatimiz, g‘ayrat va matonatimizga ko‘z tikib turibdi. Buni bir zum bo‘lsa-da, yoddan ko‘tarmaylik.
Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz yanada farovon bo‘lishi ayni paytdagi mashaqqatli mehnatimizga bog‘liq.
O‘z daromadingizni oshirishga hamda mamlakatimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan ishlashga, fidoyilik namunasini ko‘rsatishga chaqiramiz!
Bekobod tumani fermerlari kengashi
Rayosat a’zolari
