Boysun tumanidagi "Sho‘rsoy" mahallasida madaniy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi
2025-05-17 22:45:00 / Tadbirlar
Bugun, Boysun tumanining "Sho‘rsoy" mahallasida Mahallalar uyushmasi tuman bo'limi, Oila va xotin-qizlar bo'limi, hamda Ma'naviyat va ma'rifat bo‘linmasi tomonidan yoshlar va mahalla ahlini birlashtiradigan madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda mahallaning faol nuroniylari, mahalla “yettiligi” a’zolari, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘z olgan nuroniylar, yoshlarga o‘z tajribalari orqali bir qancha muhim maslahatlar berdilar. O‘zbekistonning kelajagi yoshlar ekanligi ta'kidlanib, ular uchun davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirildi. Xususan, chet tillarini o‘rganishning ahamiyati alohida ta'kidlandi. Bu zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatli bo‘lish uchun zarur bo‘lgan qobiliyatlardan biri ekanligini nuroniylar yoshlarning e’tiboriga yetkazdilar. Shuningdek, sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishish, kasb-hunar o‘rganish va tadbirkorlik yo‘llarini egallash ham ko‘rsatilgan yo‘nalishlar sifatida ta’riflandi. Mahallaning yoshlariga o‘zaro muhabbatni, ota-ona va do‘stlarga hurmatni oshirish, vatanparvarlik tuyg‘usini rivojlantirish kabi axloqiy qadriyatlar ham alohida e’tibor qaratilgan masalalar bo‘ldi. Shuningdek, yoshlarning o‘z madaniy va axloqiy tarbiyasini rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Bu, yoshlarni nafaqat bilim bilan, balki insoniy fazilatlar bilan ham tarbiyalash muhimligini anglatadi.
Tadbirning yana bir qiziqarli tomoni shundaki, 6-umumta'lim maktabi o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan kuy qo‘shiqlar va teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari bo‘ldi. Yoshlarning sahnadagi chiqishlari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Tadbir so‘nggida Kinokarvon tashkil etildi. Bu loyiha doirasida, mahallada istiqomat qilayotgan aholi vakillariga "Vatan" filmi namoyish etildi. Film orqali mahallada yashovchi odamlarning madaniy-tarixiy xotirasini saqlash va ularga vatanparvarlikni targ‘ib qilish maqsad qilingan.



