CHORVACHILIKNI RIVOJLANTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-10-17 14:05:00 / Yangiliklar
BOYSUNDA CHORVACHILIKNI RIVOJLANTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
Bugun Boysun tumani hokimligi majlislar zalida chorva fermer xo‘jaliklari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda chorvachilik sohasiga oid qarorlarning mazmun-mohiyati, ularning ijrosini ta’minlash hamda sohani yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishni tuman hokimi o‘rinbosari M.Qodirov olib bordi. Unda qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, kadastr va bank mas’ullari, shuningdek, prokuratura huzuridagi Departament vakili ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida chorvachilikni rivojlantirish, yaylovlardan samarali foydalanish, fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda Mo‘g‘uliston davlatidan qo‘y olib kelish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Departament vakili Mo‘g‘ulistondan qo‘y olish uchun kredit ajratish jarayonida byurokratik to‘siqlar yuzaga kelgan taqdirda, fermerlarga amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Yakunda mas’ul tashkilotlarga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, fermer xo‘jaliklarida mavjud muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.



