RASMIY MUNOSABAT
2026-09-21 09:40:00 / Rasmiy munosabat va bayonotlar
Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi 60-maktab qurilishi uchun yerimni berdim” sarlavhasi ostida tarqalgan videomurojaat yuzasidan Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqib, quyidagilar aniqlandi.
O‘rganish davomida, Boysun tumani, G‘aza MFY, Qorovultepa ko‘chasi, 5-manzilda joylashgan yer maydonidan fuqaro B.P. tomonidan foydalanib kelinganligi, biroq mazkur yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi huquqiy hujjatlari hamda kadastr hujjatlari mavjud emasligi aniqlandi.
Shuningdek, fuqaro mazkur yer maydoni bo‘yicha Davlat kadastrlari palatasining “Ko‘chmas mulk-3” ma’lumotlar bazasida soliq to‘lovchi sifatida qayd etilganligi ma’lum bo‘ldi. Biroq soliq to‘lovchi sifatida hisobda turishning o‘zi yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat hisoblanmaydi.
Hozirgi kunda mazkur yer maydonida 60-sonli umum ta’lim maktabi binosiga nisbatan Surxondaryo viloyati hokimining 2024-yildagi qaroriga asosan qurilgan maktab binosiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va hozirda, ushbu yer uchastkasidan amalda maktab ta’lim muassasasi ehtiyojlari uchun foydalanib kelinmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, ko‘chmas mulk yoki yer uchastkasidan soliq to‘lab foydalanib kelish ushbu obyektga nisbatan mulkiy yoki yerga bo‘lgan huquqning davlat tomonidan e’tirof etilganligini anglatmaydi. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng yuridik kuchga ega bo‘ladi.

