Rasmiy munosabat
2026-09-17 10:25:00 / Rasmiy munosabat va bayonotlar
Rasmiy munosabat
Boysun tumani “Xo‘jaidod” mahallasi hududidagi ichki yo‘llarni asfaltlash ishlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat bo‘yicha holat tuman hokimi o‘rinbosari Oyatullo Azizov boshchiligida mas’ullar hamda fuqarolar ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganish davomida mazkur hududdagi ichki yo‘llarni asfaltlash ishlari tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgani aniqlandi. Loyiha hujjatlarida yo‘l qoplamasini sovuq asfalt usulida bajarish belgilangan.
Mazkur usulning tanlanishiga obyektning asfalt-beton aralashmasi ishlab chiqarish bazasidan qariyb 90 kilometr uzoqlikda joylashgani hamda ushbu masofaning asosiy qismi tog‘li va dovonli hududlardan o‘tishi sabab bo‘lgan. Murakkab tog‘li yo‘l sharoitlari tufayli yo‘l qurilishida foydalaniladigan ayrim maxsus texnikalarni, xususan, asfalt yotqizuvchi maxsus texnikani obyektga olib borish imkoniyati cheklangan.
Shu sababli loyiha hujjatlarida belgilangan texnologik yechim asosida ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan.
Videomurojaatda ko‘rsatilgan asfaltlanmagan yo‘l qismi ham o‘sha vaqtda ish jarayonida bo‘lgan. Mazkur qismda zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgach, keyingi bosqichda asfaltlash ishlari bajarilmoqda.
Ayni paytda hududdagi yo‘lni asfaltlash va obodonlashtirish ishlari tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari hamda belgilangan texnologik talablar asosida davom ettirilmoqda. Ishlarning sifatli va to‘liq yakunlanishi mas’ullar tomonidan nazoratga olingan.
Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoq faollaridan fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaat va e’tirozlarni yoritishda holatni joyiga chiqqan holda atroflicha o‘rganish, mas’ullardan tegishli ma’lumotlarni olish hamda tasdiqlanmagan xulosalar asosida asossiz axborotlar tarqatmaslik so‘raladi.



