Rasmiy munosabat
2026-09-16 15:50:00 / Rasmiy munosabat va bayonotlar
Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Boysun tumani Poygaboshi mahallasida yashovchi fuqaro Akmal Axatov tomonidan yo‘llangan video murojaat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Fuqaro Akmal Axatovning avval viloyat va tuman hokimlarining shaxsiy qabullarida qilgan murojaatlari belgilangan tartibda o‘rganilgan hamda mavjud muammolarni hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilgan. Xususan, fuqaroning sog‘lig‘ini tiklash maqsadida bepul dori-darmon vositalari, oilaviy sharoitini inobatga olgan holda uy-joyini ta’mirlash uchun zarur qurilish materiallari ajratilgan.
Shuningdek, fuqaro Akmal Axatovga 2 million 200 ming so‘m miqdorida moddiy yordam hamda O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati tomonidan 823 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilgan.
Fuqaroning murojaatlari yuzasidan tuman hokimligi va tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgani hamda mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgani ma’lum qilinadi.
Shu bilan birga, Akmal Axatov tomonidan 2026-yil iyun oyining oxiri va iyul oyining boshlarida “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida Boysun tumani hokimining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, sud hujjatlarida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan deb baholangan ma’lumotlar tarqatilgan.
Mazkur holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rilgan ish natijasiga ko‘ra, 2026-yil 7-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudining qaroriga muvofiq, fuqaro Akmal Axatovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli normalari asosida jarima jazosi tayinlangan.
Fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot va murojaatlarni e’lon qilishda xolislik va mas’uliyat tamoyillariga rioya qilish, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik, shuningdek, boshqa shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlarni joylashtirishdan tiyilish so‘raladi.
Boysun tumani hokimligi fuqarolarning qonuniy murojaatlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish, ularning muammolarini o‘rganish va qonun doirasida amaliy yechim topish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.
