Sud apparatiga ishga qabul qilish tartibi tubdan o‘zgaradi
2026-06-11 13:55:00 / Yangiliklar
Sud apparatiga ishga qabul qilish tartibi tubdan o‘zgaradi
Adolatli sud tizimi, avvalo, halol va malakali kadrlardan boshlanadi. Shu bois, Prezident Sh.Mirziyoyevning “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bilan sud apparatiga ishga qabul qilishning mutlaqo yangi mexanizmi joriy etilmoqda.
Endilikda nomzodlarni tanlashda ochiq tanlov, shaffof tartib-taomillar va meritokratiya tamoyillari asosiy mezon bo‘ladi. Nomzodlarning bilim va ko‘nikmalari, ma’naviy-axloqiy fazilatlari, halolligi hamda jamoada ishlash qobiliyati baholanadi.
Shuningdek, “vacancy.sud.uz” portali va “SudHR” elektron platformasi ishga tushirilib, vakant lavozimlar haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi, saralash va qabul jarayonlari raqamlashtiriladi.
Bu o‘zgarishlar inson omilini kamaytirish, tanish-bilishchilik va sub’yektiv yondashuvlarning oldini olish, sud tizimiga bilimli va halol kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.
Natijada sud apparatining professional salohiyati yuksalib, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati yanada oshadi.

