Ishsiz yoshlarning Termiz davlat universitetiga tashrifi tashkil etildi
2026-01-21 22:15:00 / Yangiliklar
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Boysun tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq, tumandagi 45 nafar ishsiz yoshlarning Termiz davlat universitetiga tashrifi tashkil etildi.
Tashrif davomida yoshlar universitetda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, universitet kutubxonasi, unda faoliyat yuritayotgan muzey hamda Axborot-kutubxona markaziga tashrif buyurildi. Kun yakunida yoshlar universitet sport zalida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida voleybol o‘yinida ishtirok etib, maroqli hordiq chiqardilar.
Shuningdek, uch kun davom etgan tashrif dasturi doirasida yoshlar uchun kasbga yo‘naltirish, kompyuter savodxonligi, sun’iy intellekt asoslari, biznes-reja tuzish va iqtisodiy bilimlar, xorijiy tillarni o‘rganish metodologiyasi hamda psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy va nazariy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mazkur tashrif yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni kasbga yo‘naltirish hamda kelgusida bandligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.






