Umr zavoli
2026-01-10 08:50:00 / Yangiliklar
Kim bolasiga yomon bo‘l, deb tarbiya beradi!? Kim uning hayot guli erta so‘nishini, umri mazmunsiz, qabohat va razillik ichida o‘tishini xohlaydi!? Albatta, hech kim. Ammo bugun qonun oldida qilmishlariga iqror bo‘lib, jazo sari yetaklanayotgan yigitlarni ko‘rsam, “farzandiga yomonlikni istamasada, unga yaxshilikni ham ravo ko‘rmaganlar bor ekan”, degan xulosaga kelaman. Jigariga, nuri diydasiga “yomon bo‘l” demasada, uni yomonlikdan qaytarmaganlar, yaxshilik yo‘liga boshlamaganlar borligiga yana bir karra amin bo‘laman.
Quyidagi jinoyat ishi materiallarida ham ana shunday ayanchli taqdirlarni ko‘ramiz.
Jamshid Ergashev, Davron Mahmudov, Ilhom Rahimov, Saidbek Karimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan). Kattasining yoshi 30, qolganlari 25-26 yashar yigitlar. Sud hukmiga ko‘ra Jamshid 11 yilga, Davron 10 yil 6 oy, Ilhom 8 yil, Saidbek esa 9 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildilar. Davrondan boshqasi hali oila qurib, farzandli ham bo‘lishmagan. Demak, endi ularning ota-onalari farzandlarining qaytishi umidida yillar sanab kutadilar. Omonat dunyoda ular diydorlashguncha sog‘-omon bo‘lishsa, yaxshiku-ya, ammo...
Garchi bu yigitlarning hammalari bitta jinoiy to‘da sifatida jazoga tortilmagan bo‘lishsa-da, ularning noqonuniy xatti-harakatlarida bir umumiylik bor — barchasi zahri qotil, giyohvand moddalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganlar.
Sherobodlik Jamshid qo‘shni Uzun tumanidagi “Qumqishloq” hududida 12000 AQSh dollariga tergovda shaxsi aniqlanmagan Tojikiston fuqarosidan yarim kilogramm “opiy” giyohvandlik vositasini sotib oladi. Bir oy davomida xaridor izlaydi, bu vaqtda moddaning bir qismini o‘zi ham iste’mol qiladi. 2025 yilning 14 martida Jamshid moliga xaridor topgandek bo‘ladi. Oldi-sotdini Sherobod shahrida amalga oshirishga kelishiladi. Ammo huquq-tartibot idoralari xodimlari Jamshidni xaridorga yetmasidan oldin qo‘lga oladilar. Uning yonidan
295 gramm “opiy” topiladi.
Davron Mahmudov ham halol mehnat yo‘lidan adashib, oson pul izida ketgan paytda qonun qo‘liga tushdi. U “Dilshod” ismli mijozga 2000 000 so‘m evaziga “geroin” sotayotgan fursatda ushlandi. Uning yonidan jami 0,8 gramm giyohvandlik vositasi aniqlandi. Tergov davomida Davron muntazam ravishda giyohvandlik moddasining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullanib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Ilhom va Saidbekni ham shu nafs balosi, harom yo‘ldan topish illati bog‘lab turgan. Ular dastlab Termiz tumanidagi “Qorasuv” qishlog‘i yaqinida o‘sib turgan “marixuana” o‘simligining yetilishini kutadilar. Pishib yetilgach, uni terib olib oftobda quritadilar. Barglarini maydalab, bir necha marta chekib ko‘radilar. Keyin, uni sotib pul qilish niyati bilan Termiz shahriga keladilar. Ammo, ularni huquq posbonlari 6 ta gugurt qutisiga joylangan “marixuana” bilan ushlaydi.
Ko‘rinib turibdiki, bu og‘ufurushlar qilmishlarini ongli ravishda, aql-hushlari joyida bo‘la turib sodir etganlar. Demak, ular bilib-bila turib, ajal urug‘ini sotganlar, tarqatganlar, odamzotga yomonlik qilganlar. Ular orqali tarqalgan zahr kimlarningdir hayotini vayron etgani, vujudini va ruhini zaharlagani aniq.
Xo‘sh, oqibat-chi? Oqibat ham taqdirning yozmishi kabi bo‘ldi. O‘zgalar hayotini zaharlaganlar o‘z umrlarining bahorini, navqironligini ham zavolga yetkazdilar. Yigitlik davrini yor-do‘stlar ichida emas, mahkumlikda, panjara ortida o‘tkazishadi.
Gap endi shundaki, ular qachon o‘z xatolarini anglab, hayotning haqiqiy mazmunini to‘g‘ri tushunadilar. Zero, to‘g‘ri va halol yo‘lga kirish uchun hali imkoniyat bor — faqat anglash, pushaymon va niyatning tozaligi kerak.
XURSHID UMBAROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudining raisi

