Rasmiy munosabat
2025-12-22 18:40:00 / Rasmiy munosabat va bayonotlar
Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoq orqali “O‘rta Machay” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Astanaqulova Toshxol tomonidan 2025-yil 10-dekabrda “Prezident nomiga qilingan murojaat o‘rganilmasdan qolayotgan” mazmunidagi videomurojaat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Tuman hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i, Ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari hamda mahalla “yettiligi” xodimlari ishtirokida O‘rta Machay mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Toshxol Astanaqulovaning murojaati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida fuqaro T.Astanaqulova 2022-yildan buyon bel dumg‘aza umurtqasi osteoxondrozi asorati, pastki paraparez va tos a’zolari faoliyati buzilishi tashxisi bilan ro‘yxatga olinib, dispanser nazoratiga qo‘yilgan hamda respublika bosqichida davolanib bemorga “O‘rta Machay” OSHP tomonidan ro‘yxat asosida bepul dori vositalari berib kelinmoqda.
Fuqaroga, 2022-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasi uchun tuman va viloyat hokimliklari tomonidan 29 million so‘m pul mablag‘i ajratilgan, 2024-yilda qayta davolanishi uchun 14 million so‘m pul mablag‘i ajratilgan, 2025-yil 1-fevral kunidan farzandi uchun bolalar nafaqasi tayinlangan, kuz-qish mavsumi uchun kommunal to‘lovlarni qoplash maqsadida 1 million so‘m mablag‘ ajratilgan, har yili “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilib, bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatib kelingan. Shuningdek, T.Astanaqulovaning davolanishi yuzasidan murojaati o‘rganib chiqilib, u 2025-yil 28-noyabr kunidan 9-dekabrgacha viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolanishi uchun order bilan ta’minlangan. Bundan tashqari 2025-yilda homiylar tomonidan doimiy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berib kelinmoqda, shu bilan birga patronaj xizmati hamda qarov uchun xodim biriktirilgan.
Fuqaro tomonidan asosan qayta jarrohlik operatsiyasini o‘tkazish uchun amaliy yordam so‘ralgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur masala joriy yil dekabr oyida tibbiyot xodimlari tomonidan o‘rganilganda, hozirgi kunda fuqaroning jarrohlik amaliyotiga tayyor emasligi ma’lum qilingan.
O‘rganish davomida fuqaroga qayta davolanish, statsionar davolanish uchun order olish hamda zarur dori-darmon vositalarini xarid qilishda yordam ko‘rsatilishi tushuntirildi.

