Rasmiy munosabat bildirildi
2025-12-19 22:35:00 / Rasmiy munosabat va bayonotlar
Elektr ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi
So‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda bir qator hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rasmiy munosabat bildirdi
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda havo haroratining keskin pasayishi oqibatida aholi va ijtimoiy soha obyektlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi ortib, elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklama sezilarli darajada oshgan. Ayrim hududlarda mavjud elektr tarmoqlari yuqori yuklamaga yaqin rejimda ishlamoqda.
Shu munosabat bilan elektr uskunalari hamda taqsimlash punktlarida avariyaviy holatlar yuzaga kelmasligi, tarmoqlarning barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida zarur texnik va profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, respublikaning ayrim hududlarida kuzatilgan qor yog‘ishi oqibatida elektr tarmoqlarida nosozliklar qayd etilgan. Yuzaga kelgan avariyaviy holatlar tezkor chiqish brigadalari tomonidan noqulay ob-havo sharoitiga qaramasdan bartaraf etilgan. Qator hududlarda esa qalin qor va yuqori namgarchilik sabab ta’mirlash hamda tiklash ishlari bugun ham davom ettirilgan.
Jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim iste’molchilar tomonidan bildirilgan “sutkalab elektr ta’minotida uzilishlar” haqidagi xabarlar rasmiy ravishda tasdiqlanmagan. Ushbu xabarlarda keltirilgan manzillar yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun aholidаn uzr so‘rab, barcha murojaatlar tezkor tarzda ko‘rib chiqilayotganini, muammoli hududlarda nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi.

