Baxmalda yoshlar bilan ochiq muloqot: taklif va tashabbuslar muhokama qilindi
2026-09-17 15:25:00 / Yangiliklar

“Payshanba — yoshlar kuni” munosabati bilan Baxmal tumanidagi 2-son texnikumda rahbarlar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov hamda Baxmal tumani hokimi Aziz Ergashev ishtirok etdi.
Muloqot davomida yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv ochiq va samimiy suhbat tarzida o‘tkazilib, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan taklif va tashabbuslarini bildirdi. Bildirilgan fikrlar tinglanib, yoshlar bilan ishlashda ularning ehtiyoj va takliflarini inobatga olish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, mas’ullar texnikumda o‘quvchilar uchun yaratilayotgan amaliy ta’lim imkoniyatlari bilan tanishdi. Xususan, ta’lim muassasasida tashkil etilgan yangi avtodrom ko‘zdan kechirildi.
Mazkur avtodrom yoshlarning transport vositalarini boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, yo‘l harakati qoidalarini amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘zlashtirish hamda zamonaviy kasbiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
