Baxmal tumani hokimining davlat xizmatchilariga murojaati
2026-07-17 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli davlat xizmatchilari! Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurash olib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, har bir davlat xizmatchisi o‘z xizmat vazifalarini yuksak mas’uliyat, halollik va fidoyilik tamoyillari asosida amalga oshirishi muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda davlat xizmatida halollik standartlarini qaror toptirish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Ushbu islohotlarning samaradorligi esa, avvalo, davlat xizmatchilarining kasbiy mahorati, xizmat intizomi va shaxsiy mas’uliyatiga bevosita bog‘liqdir. Har bir xodim xizmat faoliyati davomida amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilishi, xizmat vakolatlaridan shaxsiy yoki boshqa manfaatlar yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymasligi, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishi hamda fuqarolarga xolis, adolatli va sifatli xizmat ko‘rsatishni o‘zining ustuvor vazifasi deb bilishi zarur. Davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, kadrlar siyosatini yuritish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflik, qonuniylik va adolatlilik tamoyillariga qat’iy amal qilish barcha rahbar va xodimlar zimmasidagi muhim vazifadir. Shuningdek, korrupsiyaga oid har qanday noqonuniy takliflar, bosim yoki huquqbuzarlik holatlariga duch kelganda, ular haqida belgilangan tartibda vakolatli organlarga zudlik bilan xabar berish har bir davlat xizmatchisining xizmat va fuqarolik burchi hisoblanadi. Hurmatli hamkasblar! Barchangizni xizmat vazifalaringizni vijdonan va sidqidildan bajarishga, qonunchilik talablariga so‘zsiz amal qilishga, xizmat intizomi va kasb etikasi me’yorlariga qat’iy rioya etishga hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga chaqiraman. Ishonchim komilki, halol mehnat, yuksak mas’uliyat va fidoyilik orqali fuqarolarimizning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, Baxmal tumanining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlarga erishishda barchamiz munosib hissa qo‘shamiz.
Hurmat bilan,
Baxmal tumani hokimi Aziz Ergashev
