BANDIXONDAN YANA BIR XUSHXABAR: SOG‘LOM HAYOT SARI YANGI QADAM!
2026-10-20 11:00:00 / Yangiliklar

Bandixonda zamonaviy fitnes sport zali foydalanishga topshirildi!
Sog‘lom tana — tetik ruh, faol hayot va mustahkam salomatlik garovi!
Bandixon tumanida aholining sport bilan muntazam shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun yana bir qulay imkoniyat yaratildi. Uzoq kutilgan yangi fitnes sport zalining ishga tushirilishi tumanda sportga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Yangi sport maskanining ochilish tadbirida tuman hokimi Abdumalik Allamuradov, nuroniylar hamda sportchi yoshlar ishtirok etdi.
Endilikda ushbu maskan yoshlar, nuroniylar, ayollar va barcha sport ixlosmandlari uchun sog‘lom hayot sari dadil qadam tashlash imkonini beradi. Shuningdek, fitnes zalida ayollarimiz har kuni soat 10:00 dan 13:00 ga qadar shug‘ullanish mumkin.
Bandixonlik sportchilar — faxrimiz!
Tadbir davomida sport sohasida yuksak natijalarga erishgan yoshlar ham munosib taqdirlandi.
Jumladan, 13–18-oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon kubogida Bandixon tumani sharafini himoya qilgan 6 nafar yosh sportchi, shuningdek, paraolimpiya yo‘nalishidagi Special Olimpiadada faxrli o‘rinlarni egallagan sportchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bu e’tirof — yosh sportchilarimizning mehnati, intilishi va g‘alabaga bo‘lgan ishonchiga munosib rag‘batdir!
☑️ Yangi fitnes zali nafaqat yoshlar, balki davlat xizmatchilari va barcha tuman aholisi uchun ham jismoniy faollikni oshirish, salomatlikni mustahkamlash hamda mazmunli hordiq chiqarish uchun muhim maskanga aylanadi.
Zero, sog‘lom avlod — yurt kelajagi, sog‘lom hayot esa har birimizning tanlovimizdir!
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









