ONA TILIM — MILLATIM G‘URURI, O‘ZLIGIM TIMSOLI! BANDIXONDA O‘ZBEK TILI BAYRAMI KENG NISHONLANDI
2026-10-21 08:00:00 / Yangiliklar

Til — millat ko‘zgusi, xalqning bebaho ma’naviy boyligi, milliy o‘zligimizning yorqin ifodasidir!
📍 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Bandixon tumanidagi 9-sonli madaniyat markazida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
🇺🇿 Tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, olimlar, shoir va yozuvchilar, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari hamda o‘quvchilar ishtirok etdi.
🖋 Bayram davomida ona tilimizning boy imkoniyatlari, betakror jozibasi va xalqimiz ma’naviy hayotidagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritildi. Xususan, 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani milliy tariximizdagi muhim voqea, xalqimizning o‘zligini anglash va milliy qadriyatlarini mustahkamlash yo‘lidagi tarixiy qadam ekani alohida ta’kidlandi.
📚 Shuningdek, ona tilimizning nufuzini yanada oshirish, uning qo‘llanish doirasini kengaytirish, yosh avlod qalbida tilga hurmat va mehr tuyg‘ularini shakllantirish muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi.
🎶 Tadbirga madaniyat bo‘limi xonandalari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo‘shiqlar yanada fayz bag‘ishlab, ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Ona tilimiz — ajdodlarimizdan qolgan bebaho meros, bugunimizning ma’naviy tayanchi va kelajagimizning mustahkam poydevoridir!
Uni asrab-avaylash, sofligini saqlash, boyitish va kelajak avlodga munosib yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir.
🇺🇿 Ona tilimiz doimo barhayot, nufuzi yuksak, qadri baland bo‘lsin!
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









