KIBERJINOYATChILIKNING OLDINI OLISH VA KIBERXAVFSIZLIKNI TA’MINLASH-DAVR TALABI
2026-10-14 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hozirgi vaqtda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi, internet tarmog‘i va elektron xizmatlardan foydalanish ko‘lamining kengayishi jamiyat hayotida katta qulayliklar yaratmoqda. Raqamli muhit shaxsning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratsa-da, ayni vaqtda turli kiberxavflarga ham duchor qilishi mumkin. Chunki, jahonda raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sodir etiladigan huquqbuzarliklar va kiberjinoyatchilik bilan bog‘liq xavflar ham ortib bormoqda. Jumladan, internet orqali firibgarlik qilish, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy qo‘lga kiritish, bank kartalari mablag‘larini o‘zlashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar orqali fuqarolarni aldash kabi holatlar kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasining muhimligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish va aholining internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish sharoitida kiberjinoyatchilikning oldini olish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, banklar, telekommunikatsiya operatorlari va fuqarolarning hamkorligi alohida ahamiyatga ega.
Avvalo kibirjinoyatchilik tushunchasiga to‘xtalib o‘tsak.
Kiberjinoyatchilik — axborot texnologiyalari, kompyuter tizimlari, internet tarmog‘i va elektron qurilmalardan foydalanish orqali sodir etiladigan jinoiy qilmishlar majmuidir. Bunday jinoyatlar fuqarolarning shaxsiy va moliyaviy manfaatlariga, tashkilotlarning axborot tizimlariga hamda davlatning raqamli infratuzilmasiga zarar yetkazishi mumkin.
Kiberjinoyatchilikning keng tarqalgan ko‘rinishlari bular:
-Internet-firibgarlik. Fuqarolarni soxta e’lonlar, yolg‘on va’dalar yoki qalbaki internet-do‘konlar orqali aldash.
-Fishing hujumlari. Soxta veb-saytlar, elektron xatlar va xabarlar orqali login, parol, bank kartasi ma’lumotlari yoki tasdiqlash kodlarini qo‘lga kiritish.
-Bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik. Fuqarolarning ishonchiga kirish orqali pul mablag‘larini noqonuniy yechib olish yoki o‘tkazish.
-Akkauntlarni buzib kirish. Ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochta va boshqa axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish.
-Zararli dasturlardan foydalanish. Qurilmalarga zarar yetkazish, ma’lumotlarni o‘g‘irlash yoki ulardan foydalanish imkoniyatini cheklash.
-Shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish. Fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni ruxsatsiz yig‘ish, saqlash yoki oshkor qilish.
Mazkur jinoyatlardan himoyalanish uchun ularning usullarini bilish, xavfli vaziyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va zarur ehtiyot choralarini ko‘rish lozim.
O‘zbekistonda kiberxavfsizlikni ta’minlash va axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishning huquqiy hamda tashkiliy mexanizmlarini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 2022 yil 15 aprelda qabul qilingan O‘RQ-764-son «Kiberxavfsizlik to‘g‘risida»gi Qonun kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi muhim huquqiy hujjatlardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 10 martdagi PF-38-son Farmoni bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlangan. Unda milliy kiberbarqarorlikni mustahkamlash, muhim axborot infratuzilmasini himoya qilish, kibertahdidlarni erta aniqlash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va aholining kibersavodxonligini oshirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Mazkur hujjatlar kiberxavfsizlikni ta’minlashda huquqiy asoslarni mustahkamlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlar mas’uliyatini oshirish hamda aholida xavfsiz raqamli xulq-atvorni shakllantirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridgildardan kelib chiqib, yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatchilikning oldini olish uchun chora-tadbirlar belgilab olish zarur bo‘ladi.
Chunki, bugungi kunda yoshlar ta’lim olish, muloqot qilish, axborot izlash va turli xizmatlardan foydalanishda internet imkoniyatlaridan keng foydalanmoqda. Raqamli muhit yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratsa-da, ayni vaqtda ularni turli kiberxavflarga ham duchor qilishi mumkin.
Shu sababli yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatchilikning oldini olish, internetdan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish va raqamli madaniyatni yuksaltirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar, firibgarlik xabarlari, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, kiberbulling va zararli havolalar bilan bog‘liq xavflarga duch kelishi mumkin. Ayrim hollarda ular o‘z akkauntlarini himoya qilish qoidalarini bilmagani sababli shaxsiy ma’lumotlarini yo‘qotishi yoki firibgarlik qurboniga aylanishi ehtimoli mavjud.
Bundan tashqari, boshqa shaxslarning akkauntlariga ruxsatsiz kirish, shaxsiy yozishmalarni tarqatish va internetda tahdid qilish kabi harakatlar ham huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Yoshlar o‘rtasida kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun ta’lim muassasalarida tushuntirish ishlarini muntazam tashkil etish zarur. Darslar va amaliy mashg‘ulotlarda parollarni himoya qilish, shubhali xabarlarni aniqlash, shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va internetdagi huquqiy mas’uliyat masalalariga e’tibor qaratilishi lozim.
Ota-onalar ham farzandlarining raqamli muhitdagi faoliyatiga befarq bo‘lmasligi, xavfli vaziyatlarda ularga yordam berishi va internetdan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha namuna ko‘rsatishi kerak.
Yoshlarning raqamli savodxonligini oshirishda ommaviy axborot vositalari, mahallalar, ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
Yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatchilikning oldini olish faqat texnik himoya vositalari bilan cheklanmaydi. Bu jarayonda huquqiy bilim, axborotni tanqidiy baholash, shaxsiy mas’uliyat va raqamli odob qoidalari muhim o‘rin tutadi. Kiberxavfsizlik madaniyatiga ega yosh avlodni tarbiyalash mamlakatning xavfsiz raqamli kelajagini ta’minlashga xizmat qiladi.
Kiberjinoyatchilikka qarshi samarali kurashish faqat jinoyat sodir etilganidan keyin chora ko‘rish bilan cheklanmasligi kerak. Eng avvalo, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholini xabardor qilish va axborot tizimlarini himoyalashga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish zarur.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozim-ki, kiberjinoyatchilikning oldini olishda davlat organlarining sa’y-harakatlari bilan bir qatorda jamiyatning faol ishtiroki ham talab etiladi. Davlat tashkilotlari profilaktik tadbirlarni muvofiqlashtirishi, banklar mijozlarning mablag‘larini himoya qilish choralarini kuchaytirishi, telekommunikatsiya operatorlari esa firibgarlikda foydalanilayotgan raqamlar va aloqa kanallariga nisbatan qonunchilik doirasida chora ko‘rishi lozim.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Bandixon tuman sudining raisi O.Karimov
