XALQ DARDI — E’TIBORDA, MUAMMOLARDAN — YECHIM SARI!
2026-10-09 16:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida fuqarolar murojaatlarini tinglash, ularning dardu tashvishlariga hamdard bo‘lish va muammolarni amaliy hal etish maqsadida tuman hokimi Abdumalik Allamuradovning navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi.
Qabul avvalida oldingi qabullarda fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarning ijrosi tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglanib, har bir murojaat bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va mavjud holat yuzasidan ma’lumotlar olindi. Belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Xalq qabulxonasi binosida o‘tkazilgan muloqot davomida fuqarolar uy-joy ta’miri, kontrakt to‘lovi, davolanish xarajatlari, tadbirkorlik uchun yer ajratish, oilaviy masalalar, mehnat qonunchiligi, ijtimoiy ko‘mak va moddiy yordam kabi dolzarb masalalarda murojaat qildilar.
Qabul davomida jami 7 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Shundan 3 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
☑ Asosiysi, murojaat javobsiz qolmasligi, har bir masala e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Zero, har bir murojaat ortida bir insonning umidi, bir oilaning tashvishi, kimningdir ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mujassam.
Bandixon tumanida aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularni qonuniy asosda hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xalq roziligi — amaliy ishlar va o‘z vaqtida topilgan yechimlarda!
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









