BANDIXON TUMANI: NIYAT EZGU, DUO ULUG‘, HOSIL MO‘L BO‘LSIN!
2026-08-31 09:05:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida 2026-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi oldidan xalqimizning azaliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan xayrli ehson tadbiri o‘tkazildi.
Xo‘jaipok mahallasidagi “Shakarli ota” ziyoratgohi bugun o‘zgacha fayz va tarovat kasb etdi. Tuman hokimi Abdumalik Allamuradov tashabbusi bilan ziyoratgoh hududida aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratilib, obodonlashtirish ishlari xususan ziyorathohga keluvchi yo’l zamonaviy qiyofa kasb etib asfaltlash ishlari amalga oshirildi.
Ehson tadbirida nuroniy otaxonlar, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, el-yurtimizga fayzu baraka tilab duolar qildilar.
Ayniqsa, dalalarda zahmat chekayotgan fermer va dehqonlarimizning mehnati samarali bo‘lib, bu yilgi hosil mo‘l-ko‘l va barakali bo‘lishi, “oq oltin” xirmonlari yuksalishi uchun ezgu tilaklar bildirildi.
Tadbir davomida “Shakarli ota” ziyoratgohini obod qilishda fidoyilik ko‘rsatgan quruvchi hamda Paxtakor mahallasida istiqomat qiluvchi, “Ochiq budjet” loyihalarida aholini birlashtirib, bir necha bor g‘olib bo‘lishga munosib hissa qo‘shgan G‘ayrat Norqobilov tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Doshqozonda tayyorlangan osh el dasturxoniga tortildi. Tadbir yakunida Qur’on tilovat qilinib, barcha ezgu niyatlar uchun qo‘llar duoga ochildi.
Bunday xayrli tadbirlar — xalqimizning birdamligi, mehr-oqibati va hamjihatligining yorqin ifodasidir. Ezgu duolar bilan boshlangan mehnat mavsumi fayzli va barakali bo‘lishiga ishonchimiz komil.
Endi dalalarda qizg‘in mehnat pallasi. Mirishkor dehqon va fidoyi fermerlarimizning zahmati bilan oq oltin xirmonlari to‘lib, xonadonlarimiz dasturxoni yanada to‘kin, yurtimiz yanada obod bo‘lsin!
Hosilimiz mo‘l, mehnatimiz samarali, rizq-ro‘zimiz ziyoda bo‘lsin!
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









