KORRUPSIYASIZ JAMIYAT SARI
2026-07-13 17:00:00 / Yangiliklar

Barchamiz guvohi bo‘lib turganimizdek, kyeyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan tizim shakllantirildi.
Biroq ko‘rilayotgan tizimli choralarga qaramay, bir qator sohalarda korrupsiya holatlari yuqoriligicha saqlanib qolayotganligi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirish, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash, shuningdek yoshlarni korrupsiyaga nisbatan murosasizlik ruhida tarbiyalashni taqozo etmoqda.
O‘zbekiston Ryespublikasining 2026-yil 22-iyunda “O‘zbekiston Ryespublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1155-son Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralarini kuchaytirishga, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy kengashlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxatini belgilashga, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning xavfsizligini ta’minlashga, davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaviy omillarni qisqartirishga, shuningdek yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirilishini yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra 73-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagi mazmundagi «v1» band bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, endilikda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish mahkum o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxsga; mazkur modda «g» bandiga kiritilgan to‘ldirishga binoan takroran yoki xavfli residivist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun qo‘llanilmasligi belgilandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksi beshinchi bo‘limida hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, JK 205-modda ikkinchi qismi dispozisiyasidagi «b» band quyidagi mazmundagi «b» va «v» bandlar bilan almashtirildi. Unga binoan, hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lgnan holatlar uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab yoki g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan Qonunning 81-moddasi birinchi qism bilan to‘ldirilib, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirish, davlat organlarining, ommaviy axborot vositalarining, fuqarolik jamiyati institutlarining va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini tashkil etish, shuningdek mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha maxsus vakolatli organ hisoblanishi belgilandi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar bilan to‘ldirilib, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirildi.
Xususan, mazkur organ korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishda bevosita ishtirok etishi, mamlakatdagi korrupsiya holatini tizimli tahlil qiladi, shuningdek korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalarni hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablari va shart-sharoitlarini aniqlashi belgilandi.
Shu bilan birga kiritilgan muhim o‘zgartirishlardan biri 83-moddaga kiritilgan o‘zgartirish hisoblanadi. Unga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlariga hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasidagi huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan lavozim, xizmat va (yoki) bo‘linmadan iborat komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari:
-davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki siyosat amalga oshirilishi hamda ushbu sohadagi faoliyat muvofiqlashtirilishida bevosita ishtirok etadi;
-davlat organi va tashkiloti faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda nazorat tizimi joriy etilishini ta’minlaydi;
-davlat organi va tashkiloti tizimida qonunga rioya etish, unga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish va bu borada aholining ijobiy fikrini shakllantirish choralarini ko‘radi;
-davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasini amalga oshiruvchi, byudjet mablag‘lari aylanmasini nazorat qiluvchi bo‘linmalarning hamda shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
-korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni tizimli tahlil qilish va baholash, bartaraf etish va ularning oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ishlab chiqadi hamda ularning ijrosini tashkil etadi;
-davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni takomillashtirib borish choralarini ko‘radi;
-davlat organi va tashkiloti faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, affillanganlik hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi nazorat tizimini amalga oshiradi;
-davlat organi va tashkilotida korrupsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazilishini hamda qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishini tashkil etadi;
-korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi hamda qonunda belgilangan huquqlarga ega bo‘ladi.
Davlat organi va tashkiloti birinchi rahbarlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklari alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruh faoliyatiga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lganda ularning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari yuqori turuvchi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati bilan kelishgan holda tegishli hujjatlar va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etish, shuningdek kadrlar masalasi va moliyaviy xarajatlar bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha to‘xtatish yoki tegishli rahbarni yoxud xodimni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati muvofiqlashtirib boradi.
Bundan tashqari, mazkur Qonun 271-moddasida korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishi belgilangan bo‘lib, unga binoan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi.
Elektron reyestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Elektron reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan tegishli cheklovlar belgilandi.
Elektron reyestrdan ma’lumot olish tartibi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarni Elektron reyestrdan chiqarish asoslari va tartibi, shuningdek davlat organlarining Elektron reyestrni yuritish borasidagi hamkorligi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq yuqoridagi Qonunga yana boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan birga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksi, «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida»gi Qonunlariga ham bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur Qonun korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga, korrupsiyaga qarshi kurashish orqali fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiladi hamda ushbu illatga qarshi murosasiz kurashishga da’vat etadi.
Termiz tumanlararo
iqtisodiy sudining sudyasi Botirjon Abdullayev
