Har bir murojaat — e'tibor va amaliy yechim markazida!
2026-07-10 10:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqot qilish, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolariga yechim topish maqsadida tuman hokimi Abdumalik Allamuradovning navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi.
Qabul avvalida avvalgi qabullarda fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarning ijrosi yuzasidan mas'ul rahbar va mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Har bir murojaatning bajarilish holati atroflicha tahlil qilinib, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha aniq ma'lumotlar taqdim etildi. Bu esa har bir murojaat amalda o‘z yechimini topayotganidan dalolat beradi.
Prezident Xalq qabulxonasi binosida o‘tkazilgan qabul davomida tumanning turli mahallalaridan kelgan fuqarolar elektr ta'minotini yaxshilash, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, dehqon xo‘jaligi uchun yer ajratish, MIBga oid hamda boshqa dolzarb ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaat qildilar.
Qabul davomida jami 11 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Ularning 4 tasi joyida ijobiy hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar yuzasidan esa mas'ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi qat'iy nazoratga olindi.
Bandixonda har bir murojaatga mas'uliyat bilan yondashilmoqda. Chunki har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila manfaatlari va ertangi kunga bo‘lgan ishonch mujassam. Xalq dardini tinglash, muammolariga amaliy yechim topish hamda aholi roziligini ta'minlash yo‘lidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xalq bilan ochiq muloqot — ishonchli boshqaruv va farovon hayotning mustahkam poydevoridir.









