2026-yil Bandixonning Quduqsoyida katta o‘zgarishlar bo’ladi!
2026-06-16 15:00:00 / Yangiliklar

Quduqsoy mahallasi aholisi uzoq yillardan buyon kutgan ezgu orzulardan biri bugun ro‘yobga chiqmoqda. Mahalladagi Kanal usti ko‘chasining 3,5 kilometr qismi asfaltlanib, yo‘l qurilish ishlari rasman boshlandi.
So‘nggi yillarda yurtimizda “Tashabbusli budjet” loyihasi orqali fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar amaliy yechim topib, hududlarda bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Ana shunday ijobiy o‘zgarishlar Quduqsoy mahallasiga ham kirib keldi.
Ma’lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shoira Rajabova avvalroq mahallaga tashrif buyurib, aholini qiynab kelayotgan masalalar, xususan ichki yo‘llar holatini o‘rgangan edi.
Deputat Sh.Rajabova tashabbusi va ko‘magida “Tashabbusli budjet”ning 1-mavsumi doirasida Kanal usti ko‘chasini asfaltlash loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Bugun esa ushbu loyihaning amaliy bosqichi boshlandi. Endilikda mahalla aholisi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish imkoniyatlari yaratiladi, transport qatnovi yengillashadi hamda hududning yanada obod va ko‘rkam bo‘lishiga xizmat qiladi.
Quduqsoyliklar uchun bu nafaqat yangi yo‘l, balki mahalla taraqqiyoti, aholi farovonligi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchning yana bir yorqin ifodasidir.
Tashabbus va hamjihatlik esa har qanday ezgu maqsadning kalitidir. Ushbu ezgu ishlar zamirida aholining deputatlarga bo’lgan ishonchi yana bir bor ortdi desak mubolag’a bo’lmaydi.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









