Bandixon tumanida Qurbon hayiti namozi ko‘tarinki ruhda ado etildi
2026-05-27 08:30:00 / Yangiliklar

Bugun erta tongdan Bandixon tumanidagi masjidlarda muborak Qurbon hayiti namozlari o‘qilib, yurtdoshlarimiz ezgu niyat va samimiy duolar bilan bir maskanga jam bo‘ldi.
Tumandagi 2 ta jome masjidida tashkil etilgan hayit namozlarida 6,5 mingga yaqin namozxon ishtirok etdi. Nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari birgalikda ibodat qilib, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va farovon hayot uchun shukronalar aytdi.
Hayit namoziga tashrif buyurgan fuqarolar elimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga omonlik va qut-baraka tilab duoga qo‘l ochdi. Mehr-oqibat, saxovat va bag‘rikenglik g‘oyalari ulug‘langan ushbu muborak ayyom insonlarni yanada birlashtirib, qalblarga ezgulik ulashmoqda.
Qurbon hayiti kunlari Bandixon tumanida diniy marosimlarni tartibli va xavfsiz o‘tkazish maqsadida barcha zarur tashkiliy choralar ko‘rildi. Masjidlar atrofida fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratilib, jamoat tartibi va osoyishtalik ta’minlandi.
Muborak Qurbon hayiti xalqimiz hayotiga tinchlik, xonadonlarimizga fayz-u baraka, yurtimizga yanada taraqqiyot va farovonlik olib kelsin!
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









