“So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari Bandixonda jarang sochdi
2026-05-25 08:30:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida “Yuksak ma’rifatli avlod — uchinchi renessans poydevori” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Bugun yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida bo‘lgani kabi, Bandixon tumanidagi ta’lim maskanlarida ham bitiruvchilar uchun unutilmas bayram tantanalari tashkil etildi. Bu kun — minglab o‘quvchilar uchun bolalik bilan xayrlashib, katta hayot sari dadil qadam qo‘yadigan muhim va hayajonli palladir.
Xususan, tumandagi 1-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbir o‘zgacha ruh, quvonch va samimiyatga boy tarzda tashkil etildi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bitiruvchilarga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Ushbu samimiy tilak va ezgu so‘zlar yoshlar qalbida katta ishonch va ilhom uyg‘otdi.
Bayram davomida ustozlarga chuqur minnatdorlik bildirilib, bitiruvchilarning orzu-intilishlari, kelajak rejalari va yutuqlari alohida e’tirof etildi. Quvonch va hayajonga boy lahzalar, jaranglagan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari barchaga unutilmas taassurot ulashdi.
Aziz bitiruvchilar!
Sizlarni hayotingizdagi ushbu unutilmas kun bilan samimiy muborakbod etamiz. Kelgusidagi ta’lim va mehnat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, yorqin zafarlar hamda Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlarni amalga oshirishlaringizda omad yor bo‘lsin!
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









